Bayramlarda qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlar uch kundan kam bo‘lmagan muddatga belgilanadi
28 dekabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekistonda ziyorat turizmini yanada rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi Prezident farmoni loyihasi joylashtirildi.
Loyihada, Ro‘za hayit (Iyd al-Fitr) va Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramlari, Navro‘z umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni hamda Yangi yil bayramini nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlar uch kundan kam bo‘lmagan muddat belgilanishi ko‘rsatilgan.
Har yili 1 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda kelgusi yil uchun bayram va qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlar taqvimi e’lon qilib borishlari lozim bo‘ladi.
Ota-onalar, qarindoshlar, qariyalar va ustozlar bilan birgalikda sayohat qilishni nazarda tutuvchi besh ish kunidan kam bo‘lmagan "oilaviy ziyorat ta’tili" tizimi joriy qilinadi. Bunda, “oilaviy ziyorat ta’tili” yillik asosiy ta’til hisobidan taqdim etiladi va jamoaviy shartnomalarga muvofiq ish beruvchining roziligi bilan amalga oshiriladi.
Shuningdek, mehnat jamoalari orasida mamlakat bo‘ylab sayohat qilishlarini rag‘batlantirish maqsadida “Sayohat yetakchisi” tizimi joriy qilinadi. Bunda, turizm mavsumi past bo‘lgan davrda o‘z mehnat jamoalariga sayohatlar tashkil qilgan eng faol 1 000 nafar “Sayohat yetakchisi”ga yil yakuni bilan O‘zbekiston bo‘ylab turli mavzudagi sayohatlar bepul asosda taqdim etiladi.
Mamlakat bo‘ylab sayohatlarni rag‘batlantirishga qaratilgan, shu jumladan, bonuslar yig‘ib boriladigan, tavsiya etiladigan turizm namoyishi ob’yektlari to‘g‘risida ma’lumotlar aks etgan hamda sayohatlarni qayd etadigan tizimni nazarda tutuvchi “Turist pasporti” joriy etiladi va uning doirasida eng faol sayyohlar mukofotlanib boriladi.
Qaror loyihasining mohokama yakunlash sanasi 2021 yilning 12 yanvarigacha.