Mashhur hofiz nega to‘yda qo‘shiq aytmadi? Yoki xonadonlardagi sanitariya holati haqida ikkinchi maqola

Bu haqda alohida o‘rganish olib borilmagan-da, siz aynan nima haqda so‘rayapsiz?

Aytaylik, qishloq joylarda aksariyat xonadonlarda qo‘lyuvgich yo‘q, bolalar uchun qo‘lyuvgichlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Nimalar deyapsiz, hamma xonadonda qo‘lyuvgich bor-ku!

Yo‘g‘-e, qishloqqa borib ko‘rganmisiz?

Singlim, men qishloqda tug‘ilib o‘sganman, axir!

Demak, sizningcha, har bir xonadonda bizning tasavvurimizdagi oddiy, bir niqtasa, suv tushadigan qo‘lyuvgichlar bor, shundaymi?

Unday emas-u, har holda oftobalar bor.

Lekin unda bolalar qanday qilib qo‘l yuvishini tasavvur qila olasizmi?..

Xullas, uzoq davom etgan bahsli bu suhbatimizni to‘liq bayon etish niyatim yo‘q. Ammo suhbatdoshimning qaysi tashkilotda faoliyat yuritishi maqola mavzui bo‘lgani uchun aytilishi kerak, deb o‘ylayman. Xullas, xonadonlardagi mavjud sanitariya holati, ularning umum qabul qilingan qoidalarga qay darajada mos tushishi bo‘yicha davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassisi bilan suhbatlashgandim. Hammamiz ko‘rib-bilib yurgan voqelikning inkor etilishi kishida suhbatdoshning keyingi fikrlariga nisbatan qiziqishni so‘ndiradi. Qiziqishning so‘ngani-ku, mayli, bu mutaxassisdan hatto ma’lumot olish ham qiyinligini sezgach, noiloj, go‘shakni qo‘yishga majbur bo‘ldim.

Rostdan ham uyingizda qo‘l yuvgichingiz bormi? Qishloq hududlarida yashaydigan hamkasblarim, tanish-bilishlarimdan shu haqda so‘rab-surishtira boshladim. Aksariyati bu savolimga o‘nta xonadondan birida bo‘lsa kerak, degan javobni berdi. Lekin nega? Nahotki, risoladagiday qo‘lyuvgich o‘rnatib qo‘yish shunchalik kiyin bo‘lsa?

Bir necha yildirki, mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Ko‘plab davlat, jamoat tashkilotlari, ayniqsa, sog‘liqni saqlash muassasalari bu borada o‘tkazgan targ‘ibot tadbirlari haqida chek-chagarasi yo‘q hisobotlarni taqdim etishiga ham ko‘nikib qoldik. Falon mahallada, ta’lim muassasasida davra suhbati, yig‘ilish o‘tkazildi, sog‘lom turmush tarzi haqida fikr bildirildi. To‘g‘ri, bunday yig‘inlar bo‘lmadi, deb aytolmaymiz. Ammo kim ularning natijasi bilan qiziqdi? Kim xonadonlarga kirib, sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq haqiqiy holatni o‘rgandi?

Qo‘lyuvgich hamda xonadonlardagi hojatxonalarning risoladagidek bo‘lishi sog‘lom turmush tarzining muhim shartlaridan biri hisoblanadi, – deydi "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya jamg‘armasi viloyat bo‘limi rahbari Rahima Rahmonova. – Afsuski, chekka tumanlarda bo‘lganimizda bu masalada ijobiy holatni kamdan-kam kuzatamiz. Bolalarning o‘z vaqtida qo‘lini sovunlab yuvib turmasligi oqibatida ular o‘rtasida parazitar xastaliklar ko‘payib ketdi. Hojatxonalarning holati esa onalar va bolalar salomatligida jiddiy muammo. Afsuski, bu masalaga uchinchi darajadagi ish deb qarayotganlar juda ko‘p. Aholiga bu haqda tushuncha berish, kerak bo‘lsa, uni qurib ko‘rsatishda bugun nodavlat notijorat, jamoat tashkilotlari faollikni ko‘rsatishi lozim, deb o‘ylayman.

Darvoqe, Oliy Majlis huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan har yili sog‘­lom turmush tarzi targ‘iboti bo‘yicha doimiy ravishda davlat grantlari e’lon qilib boriladi. Bunda nafaqat nodavlat notijorat tashkilotlar, balki mahallalar ham ishtirok etishi mumkin. Afsuski, nafaqat mahalla faollari, balki tibbiyot xodimlari ham xonadonlardagi bu holatni odatiy deb qabul qilishadi. Aks holda, bu masala allaqachon bong urar darajada e’tibor tortishi lozim edi.

Yaqinda ikkinchi sinfda o‘qiydigan qizim maktabda ul-bul narsa olib yeysan, deb bergan pullarimdan tejab, uyga suyuq sovun olib kelibdi, – deydi Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi Xurshida Bobokalonova. – Uyda sovun bor-ku, nega unday qilding, deb so‘radim. O‘qituvchimiz sinfimizga qo‘lyuvgich o‘rnattirdi, shunaqa suyuq sovun keltirdi, bir marta ishlatiladigan qog‘oz salfetkalar olib keldi. Qo‘limizni tez-tez yuvsak, ichimizga mikrob tushmas ekan. Kamroq kasal bo‘larkanmiz. Shuning uchun men ham uyga shunaqa sovun olib keldim. Kasal bo‘lmaymiz, deydi qaqildoq qizim.

Tabiiyki, ona qizining bu qilig‘idan quvongan. O‘ylab qaralsa, yuqorida biz ulkan deb qarayotgan mavzu, bolalarga maktab davridayoq shakllantirish mumkin va lozim bo‘lgan holat, aslida. Afsuski, hamma o‘qituvchilar ham shunday yo‘l tutmaydi. Sog‘­lom turmush tarzi faqat tibbiyotchining ishi, deb o‘ylayotganlar uchun bu kichkina misol, xolos. Tirnog‘imiz o‘ssa, o‘qituvchimizdan uyalib, uni oldirishga uringanimiz, yoqamiz kirlansa, yana ustozimizdan istihola qilib, uni yuvib berishni so‘rab onamizga aytganimizni eslab ko‘raylik.

To‘g‘ri, bundan bir necha yillar avval YuNISEFning "Toza qo‘llar" loyihasi doirasida viloyatimizdagi bir nechta maktablarga qo‘lyuvgichlar tarqatilib, qo‘l yuvishning afzal tomonlari, qay tartibda qo‘l yuvish lozimligi bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgandi. O‘shanda hatto shahar maktablari rahbarlari ham g‘urur bilan qo‘lyuvgichlarni qabul qilib olgani-yu, ushbu loyihani amaliyotga tatbiq qilgani yodimda. Ming afsuski, "Bizda bolalarning qo‘l yuvishiga sharoit yetarli", deya olmadi bu maktab rahbarlari.

Ha, bugun qishloqlarda ham uylar shahardagidan qolishmaydigan tarzda qurilyapti, ta’mirlanyapti. Odamlar yanada yaxshiroq yashashga intilyapti. Kelinlarning uylari zamonaviy jihozlar bilan bezatil­yapti. Ammo eshigiga xalta ilingan, poli go‘yo tushib ketayotgan holatda, hidiga toqat qilib bo‘lmaydigan hojatxonalar o‘zgarmayapti. Qo‘l yuvishda biroz noqulay bo‘lgan oftobalarga suv to‘ldirib qo‘yish ham har doim hammaning yodida turmaydi.

Darvoqe, bundan bir-ikki yil avval mashhur hofiz viloyatdagi chekka tumanlardan biriga to‘yga kelgan ekan. Tabiiyki, hojatga borish uchun uy egasi hamrohligida hovlidan ancha uzoqroqdagi hojatxonaga borganda, uni ko‘rib, nafaqat u yerni, balki to‘yni ham tark etadi. Ketish oldidan: "Menga beradigan pulingizga hojatxonangizni tuzuk qurib oling", deya dakki bergan ekan. Bu dakki uy egasiga qay darajada ta’sir qilgan, bilmadim, ammo umuman olib qaraganda, haliyam hududlarimizda bu borada ahvol maqtagulik emas. Sog‘lom turmush tarzi, deya bong uruvchilar birinchi navbatda shu masalaga oqilona yondashuvni o‘rganib chiqsa, maktab rahbarlari chetdan kimdir kelib muassasasiga qo‘lyuvgich o‘rnatib berishidan or qilsa, muammo oz bo‘lsa-da, chekinarmidi...

Gulruh MO‘MINOVA, «Zarafshon» muxbiri.