Masjidlarga qurolli hujum uyushtirgan kimsaga bir umrlik qamoq jazosi tayinlandi

Yangi Zelandiya sudi Kraystcherch shahridagi masjidlarga hujum uyushtirgan avstraliyalik Brenton Tarrantga nisbatan muddatidan oldin ozodlikka chiqish huquqisiz, bir umrlik qamoq jazosi tayinladi. Bu haqida NZ Herald nashri xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, muddatdan oldin ozodlikka chiqish huquqisiz, bir umrlik qamoq jazosi Yangi Zelandiya tarixida birinchi marta qo‘llanilgan. 

Sud ishining so‘nggi kunida Tarrant sudda qatnashishdan bosh tortdi. U qotillik sodir etish, qotillik qilishga urinish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganini tan oldi. Bundan tashqari, u advokat xizmatidan ham kechdi.  

2019 yil 15 mart kuni Tarrant qo‘liga avtomat olgan holda Kraystcherche shahridagi ikkita masjidga hujum uyushtirgan. Oqibatda 51 kishi halok bo‘lgan, 40 kishi jarohatlangan. Shu bilan birga, u sodir bo‘layotgan voqealarni internetda onlayn translyasiya qilgan.