Masofaviy ta’lim: Internetsiz ta’limda sifat bo‘lmaydi
Jasur RIZAYeV,
Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori:
- Samarqand davlat tibbiyot instituti 2013 yildan kredit-modul va elektron o‘qitish tizimlarini ishga tushirgandi. Uch yil davomida biz masofaviy ta’lim olish portalimizni o‘quv adabiyotlari, audio, video o‘quv qo‘llanmalari bilan to‘ldirganmiz. Masofaviy ta’lim olish uchun o‘quv bazani kerakli ma’lumotlar bilan ta’minlaganimizdan so‘ng, kredit-modul tizimiga o‘tganmiz. Pandemiya sharoitida ham talabalar hech qiyinchiliksiz, masofadan o‘qitildi.
Institutda nazariya bilan amaliyot birga o‘qitiladi. Shuning uchun portalga har bir o‘tilgan dars mavzusiga oid video dasturlar ham kiritilgan. Masalan, talaba o‘tkir appenditsit mavzusini o‘qidi. So‘ngra u mavzuga oid video bilan ham tanishadi. Talabaga mavzuga oid kunlik 10-20 ta test savollari beriladi va darsni qanchalik o‘zlashtirganligi aniqlanadi. Yana shunisi ahamiyatliki, bir mavzu bo‘yicha berilayotgan test savollari talabalarga har xil tarzda tuziladi.
Pandemiya sabab yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari masofaviy ta’limga o‘tdi. Biroq hech bir tayyorgarliksiz birdaniga masofaviy ta’lim tizimini joriy etish mushkul. Unga yetarlicha o‘quv bazani shakllantirish kerak. Masofaviy ta’limga oid barcha yo‘l-yo‘riqlar sinalgan, tajribadan o‘tgan chet el oliy ta’lim muassasalari ta’lim tizimi asosida yo‘lga qo‘yilsa yaxshi bo‘lardi. Ammo bunday ta’lim internetsiz bajarilmaydi. Tumanlarda internet sifatini yaxshilash haqida o‘ylaydigan vaqt keldi. “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da internetsiz yashayotgan hududlar bo‘lishi mumkin emas.