Masofaviy ta’lim: Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda kunning istalgan paytida o‘qish imkoniyati yaratildi
Yaqinda “Zarafshon” gazetasida “Masofaviy ta’lim: saboq, xulosa, reja” nomli maqolani o‘qidim. Masofaviy ta’lim bugungi kunning dolzarb mavzusidir. Zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalarining ta’lim jarayoniga kirib kelishi an’anaviy o‘qitish usullariga qo‘shimcha ravishda yangi o‘qitish shakli - masofadan ta’lim berish imkoniyatini berdi.
Masofaviy o‘qitish barcha ta’lim olish istagida bo‘lganlarga o‘z malakasini uzluksiz oshirish imkonini yaratadi. Uning qulayligi shundaki, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda kunning istalgan paytida o‘qish imkoniyati mavjud bo‘lib, ta’lim oluvchi mustaqil o‘quv-uslubiy materiallarni o‘zlashtiradi.
Ta’lim tizimidagi ushbu yangi ta’lim shakli arzon va qulayligi sababli jamiyat a’zolarining barcha qatlami uchun ta’lim olish imkoniyati yaratilishiga sabab bo‘ldi.
Jamiyatdagi har bir yangilik uning a’zolari tomonidan bir xilda qabul qilinmasligi barchamizga ma’lum. Masofaviy ta’lim ham dunyo amaliyotida 10 yildan ortiq vaqtdan buyon qo‘llanilib kelayotgan bo‘lsa-da, lekin uning rivojlanish darajasi hamon pastligicha qolayotgandi. Ammo Covid-19 pandemiyasi masofaviy ta’limni inkor etib kelayotgan dunyoning ko‘plab mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham ushbu ta’limga bo‘lgan munosabat va holatning keskin o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Joriy yil mart oyidan buyon ta’limning barcha bosqichlari masofaviy ta’limni o‘z amaliyotida sinab ko‘rdi. Ta’lim oluvchilarga masofaviy ta’lim orqali zarur bilimlar o‘z vaqtida yetkazib berildi, tizimda mavjud muammolar va kamchiliklar aniqlandi. Masofaviy ta’limni rivojlantirish va sifatini oshirish to‘g‘risida jamoatchilikda ilmiy va amaliy g‘oyalar paydo bo‘lmoqda.
Lekin internet ta’minoti, tinglovchilar va talabalarni nazorat qilish imkoniyatlarining takomillashmaganligi ta’lim sifatining yetarli bo‘lishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ta’lim dasturini o‘zlashtirish, uning sifati, internet ta’minoti va kam ta’minlangan oilalarda internet hamda axborot texnologiyalari bilan ta’minlash imkoniyatining pastligi masofaviy ta’limning rivojlanishidagi muammolardan hisoblanadi.
Shu sababli o‘quvchining ta’lim dasturini o‘zlashtirishdagi ishtiroki, o‘zlashtirish darajasini aniqlash, ta’limning umumiy sifatini nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadga muvofiq.
Halimjon ERGAShEV,
Yuristlar malakasini oshirish markazi bosh mutaxassisi.