Masofaviy ta’lim: Onlayn darsda o‘zlashtirish sezilarli pasaydi

Azizbek NASIMOV,
viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i:
- Pandemiya davrida kollej o‘quvchilari uchun darslarni bir paytning o‘zida eshitish, ko‘rish, so‘ng amalda bajarib, o‘zaro munozaraga kirishishini ta’minlovchi mexanizmlarni joriy etish, ularni zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanishga keng jalb qilish maqsadida masofaviy ta’lim yo‘lga qo‘yildi.
Masofaviy ta’limda kollejlarda faoliyat olib borayotgan 3200 nafardan ortiq o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalari jalb qilindi. Har bir kurs (fan)ning mazmuni to‘ldirilib, ular bo‘yicha ma’ruza, amaliy mashg‘ulot va seminarlar, shuningdek, mustaqil ta’lim bo‘yicha topshiriqlar masofadan berib borildi.
O‘quvchilar uchun fanlar bo‘yicha elektron adabiyotlarning kompleksi shakllantirilib, ulardan cheklovlarsiz foydalanish uchun imkoniyat yaratildi. O‘quvchilar barcha mavzularni o‘ziga qulay bo‘lgan vaqt va joyda, masofadan turib o‘qish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, kasb o‘rganish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda mavjud videolavhalarning manzillari o‘quvchilarga yetkazildi.
Shu bilan birga masofaviy ta’limning o‘ziga xos kamchilik va muammolari ham ko‘zga tashlandi. Jumladan, masofaviy ta’lim internet orqali tashkil etilganligi sababli o‘qituvchi va o‘quvchilarda internetda ishlash qimmatga tushdi. Ayrim hududlarda internet sifatining pastligi talabalarning masofadan ta’lim olishini ta’minlay olmadi. Bu o‘z navbatida ta’lim sifatini pasaytirdi.
***
Izzat JO‘RAYeV,
SamDTI akademik litseyi matematika fani o‘qituvchisi:
- Masofaviy ta’limning foydasi kam ekan. Negaki, o‘quvchi bir o‘qituvchidan boshqa o‘qituvchining dars berish usuliga moslashguncha bir-ikki oy vaqt o‘tadi. Onlayn darslarni bitta fandan har kuni har xil o‘qituvchi o‘tdi. Men ham o‘quvchilarga video darslar o‘tdim. O‘quvchilar avval mavzuni 70-80 foiz o‘zlashtirgan bo‘lsa, onlayn darsda 20-30 foiz o‘zlashtirishdi.