Mas’ullar fuqarolar murojaatini eshitdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonalarida Prezident maslahatchisi o‘rinbosari U.Muhammadiyev rahbarligida ichki ishlar va prokuratura tizimi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.

Bugun kunning birinchi yarmida tashkil qilingan qabul davomida Samarqand shahri, Nurobod, Past Darg‘om va Samarqand tumanlari fuqarolarining murojaatlari eshitilib, tegishli tartibda ko‘rib chiqish bo‘yicha mas’ullarga yo‘naltirildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ichki ishlar bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha 30 ga yaqin murojaat qayd qilingan bo‘lsa, prokuraturaga oid masalalar bilan sayyor qabulga kelgan fuqarolar soni 60 nafarni tashkil etgan. Murojaatlarning aksariyati tergov jarayonlari, yer munosabatlari bilan bog‘liq muammolardan iborat.

Sayyor qabul kunning ikkinchi yarmida Payariq tumanida mazkur tuman hamda Ishtixon, Qo‘shrabot va Oqdaryo tumanlari aholisi uchun o‘tkazildi.

Viloyatning qolgan hududlari fuqarolari uchun ertaga, 31 oktyabr kuni Kattaqo‘rg‘on shahri va Toyloq tumanida qabullar tashkil etilishi rejalashtirilgan.