“Matiz”ga o‘q uzgan “Kaptiva” haydovchisi qo‘lga olindi

G‘ijduvon tumani “Qo‘rg‘on” mahallasida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro F.I. mast holda G‘ijduvon tumani markazidagi “Kaktus” kafesi oldiga “Kaptiva” rusumli, davlat raqami 80 M 222 MA bo‘lgan avtomashinasi bilan kelib, ushbu kafe oldida turgan, fuqaro M.R. boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtomashina oynasini qo‘lidagi pnevmatik to‘pponcha bilan otib sindirgan.

Shuningdek, haydovchi M.R.ga ham pnevmatik to‘pponchani qurol sifatida namoyish qilib, bezorilik jinoyatini sodir qilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan F.I.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 2-qismi “v” bandi (sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab bezorilik sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Ushbu modda bilan aybdor deb topilgan shaxsga 300 soat majburiy jamoat ishlaridan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazo turlari qo‘llanilishi mumkin.

Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.