"Matiz"ga o‘rnatilgan gaz balloni portladi

Bugun, 13 oktyabr kuni soat 11:30 da 53 yoshli X.M., o‘ziga tegishli oq rangli «Matiz» rusumli avtomashinasida harakatlanib kelib, avtomashinani Peshku tumani Chig‘irchi mahallasi Yangibozor ko‘chasida joylashgan oziq-ovqat do‘koni qarshisida qoldirib, dori vositalari xarid qilish maqsadida dorixonaga kirib ketgan vaqtida, avtomashina yukxonasiga o‘rnatilgan gaz ballonda portlash yuz bergan. Jiddiy jarohat olganlar yo‘q.

Ushbu «Matiz» yonida turgan yana 2 ta avtomashinaga turli darajada texnik shikast yetkazilgan. Hodisa joyiga zudlik bilan tergov-tezkor guruhi chiqib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari Peshku tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan olib borilmoqda.

Tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, avtomashinaga o‘rnatilgan gaz balloni Koreya Respublikasi Pusan shahrida joylashgan korxona tomonidan 2011 yilda ishlab chiqarilganligi, 65 metr kub sig‘imli, ishchi bosimi 200 atmosferaga ruxsat etilganligi, u 2018 yil 8 oktyabrda avtomashinaga o‘rnatilganligi, chidamlilik tekshiruv muddati 2021 yil 7 oktyabr qilib belgilanganligi ma’lum bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda portlashning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.