Turkiyada avtomobil portlatilishi oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi
Turkiyaning janubiy-sharqida joylashgan Shirnak provinsiyasida avtomobil portlatilishi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Bu haqda portlashdagi javobgarlikni Kurdiston ishchi partiyasi (KIP) zimmasiga yuklagan holda provinsiya ma’muriyati xabar berdi.
“Shirnak provinsiyasining Silopi hududida olib borilayotgan yo‘l ta’mirlash ishlari vaqtida, 17 iyun kuni KIP terrorchilik tashkiloti tomonidan avtomobilga o‘rnatilgan qo‘lbola portlovchi modda harakatga keltirildi. Buning oqibatida to‘rt nafar ishchi halok bo‘ldi”, deyilgan bayonotda.
Turkiya hukumati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 2015 yilda Turkiya va KIP o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar avj olganidan so‘ng KIP tomonidan uyushtirilgan hujumlar oqibatida 1000 ga yaqin Turkiya harbiy va politsiyachilari, shuningdek, 500 ga yaqin tinch aholi halok bo‘lgan. KIP bazalari Iroq shimolida joylashib olgan. Ularga qarshi Turkiya qurolli kuchlari muntazam operatsiyalar amalga oshirib keladi. So‘nggi besh yil davomida KIPning 10 mingdan ortiq a’zosi yo‘q qilindi.