Payariqda yonib ketgan avtomashina yuzasidan ma’lumot berildi
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Payariq tumani Juvozxona MFY, Qizilqovos qishlog‘ida “Damas” rusumli avtomashinaning yonib ketganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarqaldi. Ushbu xabarda yong‘in 3 noyabr kuni soat 23:50 larda sodir bo‘lgani hamda o‘t o‘chiruvchilar yonib bo‘lgan avtomobilni o‘chirishgani qayd etilgan.
FVV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu holat joriy yilning 4 noyabr kuni soat 00:12 da tuman IIB navbatchisi tomonidan Payariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi 17-kasbiylashtirilgan yong‘in-qutqaruv qismining dispetcherlik xizmatiga murojaat qilingan. Unga ko‘ra, Juvozxona MFY hududida “Damas” rusumli avtomashinada yong‘in sodir bo‘lganligi aytilgan.
Yong‘in-qutqaruv qismining jangovar ekipaji soat 00:22 da voqea joyiga yetib borgan. Soat 00:27 da yong‘in qurshab olingan va 00:35 da to‘liq bartaraf etilgan.
Ma’lumot uchun, 17-kasbiylashtirilgan yong‘in-qutqaruv qismidan voqea sodir bo‘lgan hududgacha oraliq masofa 8 kilometrni tashkil etadi.
Ayni vaqtda tuman IIB tergov bo‘limi xodimlari tomonidan sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.