Mato parchasi katta ijod namunasiga aylanishi mumkin
Bugungi kunda texnologiya fani o‘quvchilarga nafaqat mehnat qilish ko‘nikmalarini, balki tejamkorlik va ekologik madaniyatni ham o‘rgatadi. Ayniqsa, gazlama qoldiqlaridan unumli foydalanish asosida san’at asari yaratish o‘quvchilarning ijodiy fikrlashini rivojlantiradi va ortiqcha chiqindilarni kamaytirishga xizmat qiladi. Odatda tikuvchilik sexlari yoki uy sharoitida turli rang va o‘lchamdagi mayda mato parchalari qolib ketadi. Ko‘pchilik ularni keraksiz deb hisoblab tashlab yuboradi. Aslida esa shu kichik parchalar orqali chiroyli va bejirim san’at asari yaratish mumkin.
Gazlama qoldiqlaridan buyum tayyorlash jarayoni, avvalo g‘oya tanlashdan boshlanadi. Masalan, devoriy panno, sumka, o‘yinchoq yoki turli bezak buyumlar yasash mumkin. Keyin materiallar rang va fakturasiga qarab saralanadi. Yaratiladigan ishning oddiy eskizi chizilib, gazlama parchalari shu asosda shaklga keltiriladi. Ular bir-biriga uyg‘un tarzda joylashtirilib, igna-ip yordamida tikiladi yoki maxsus yelimi bilan yopishtiriladi. Bezak sifatida tugma, lenta va iplardan foydalanish mumkin. Bu jarayon o‘quvchilardan diqqat, sabr-toqat va estetik did talab qiladi.
O‘zbek xalq amaliy san’atida ham gazlama parchalaridan foydalanish an’anasi mavjud. Xususan, quramachilik san’atida turli mato bo‘laklaridan ko‘rpa va yostiq jildlari tikiladi. Bu esa ajdodlarimiz tejamkorlik va ijodni uyg‘unlashtirganini ko‘rsatadi. Bugungi texnologiya darslarida amalga oshirilayotgan ishlar ana shu milliy merosning davomi hisoblanadi.
Samarqand shahridagi 81-maktabda ham o‘quvchilarga texnologiya darsida quroqchilik san’atini o‘rgatib kelyapman. O‘quvchilar gazlama qoldiqlaridan turli buyumlar yaratadi. Kimdir telefon g‘ilofi tiksa, yana biri qo‘g‘irchoq uchun libos tayyorlaydi. Bir guruh o‘quvchilar mato parchalaridan devoriy manzara yasab, sinf xonasini bezaydi. Shu san’at asarlari asosida ko‘rgazmalar tashkil etamiz. Bunday tadbirlar bolalarda mehnatsevarlik, jamoada ishlash va tabiatga ehtiyotkor munosabatni shakllantiradi.
Xulosa qilib aytganda, gazlama qoldiqlaridan san’at asari yaratish nafaqat amaliy ko‘nikma, balki tarbiyaviy ahamiyatga ham ega. Bu orqali o‘quvchilar resurslarni tejashni, atrof-muhitni asrashni, muhimi, oddiy narsalardan go‘zallik yaratishni o‘rganadi. Kichik bir mato parchasi katta ijod namunasiga aylanishi mumkin.
Risolat MUSTAFOYeVA, oliy toifali o‘qituvchi.