MDH davlatlari kasaba tashkiloti xodimlari Samarqandning turizm salohiyati bilan tanishdi

Samarqand shahrida Xalqaro transport (MOP) kasaba uyushmalarining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Tatariston Avtonom Respublikasi transport va yo‘l xo‘jaliklari kasaba uyushmalarining rahbarlari hamda respublika soha kasaba uyushmalarining viloyat kengashlari yetakchilari ishtirok etdi.

O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi Abdulla Nugmanov mehnat munosabatlarini takomillashtirishdagi xalqaro andoza va o‘zaro hamkorlik aloqalar samarasiga e’tibor qaratdi. Transport va yo‘l xo‘jaligi xodimlari xalqaro kasaba uyushmasi rahbari Aleksandr Shurikov hamkorlik rivojiga hissa qo‘shgan bir guruh tarmoq kasaba uyushmalari xodimlarini MOP tomonidan ta’sis etilgan nishon bilan taqdirladi.

Umumrossiya avtomobil transporti va yo‘l xo‘jaligi xodimlari kasaba uyushmasi rahbari V.Lomakin bir guruh MDH davlatlari faollariga L.Yakevlev nomidagi Rossiya kasaba uyushmalarining ko‘krak nishonini topshirdi.

Tadbir doirasida Xalqaro transport kasaba uyushmalarining istiqbolda amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, ishtirokchilar Samarqandning turizm salohiyati, mavjud tarixiy obidalar, yangi turizm markazi, boqiy shahar hamda Samarqand shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Bu borada kelgusida o‘zaro turizm bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash hamda kasaba uyushmalari tizimidagi korxona tashkilotlardagi ishchi-xodimlar uchun sayohatlar uyushtirishga kelishib olindi.