Mehnat daftarchasi jismoniy shaxslarga sotiladimi?
H.Nomozov, Dehqonobod mahallasi.
– Mehnat daftarchasini ochiq savdoga chiqarish man etilgan. Tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan faqat ish beruvchiga sotiladi. Ayni vaqtda bir dona mehnat daftarchasining bahosi 18 000 so‘m. Ya’ni, eng kam oylik ish haqining 10 foizini tashkil etadi. Bu rasmiy hujjat jismoniy shaxsga sotilmaydi. Mehnat daftarchasi birinchi marta ochilayotgan bo‘lsa, buni ish beruvchining o‘zi rasmiylashtirishi kerak.
Afsuski, turli yo‘llar orqali ochiq savdoda sotish holati ham uchrab turibdi. Bizningcha, mehnat daftarchasini sotish tartibi bir muncha murakkab. Buyurtmachi mahsulotni olish uchun uch oygacha kutishi kerak. Bosmaxona shu buyurtma asosida ishlab chiqaradi. Vaholanki, birinchi marta ishga kirgan xodimga 5 ish kunida mehnat daftarchasi yuritilishi belgilangan. Demak, tashkilot uch oylab kutmaydi. Bo‘sh ish o‘rinlarini avvaldan hisob-kitob qilib, buyurtma berilmagan bo‘lsa, hujjatni vaqtida ololmaydi. Zaxira yaratilmagach, yangi xodim sarson bo‘ladi. Bu taqchillik "qora bozorni" shakllantirgan bo‘lishi mumkin.
Shu bois sohada tub islohotlar olib boril¬yapti. 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab mehnat daftarchasi yuritilmaydi. Mamlakatimizda "Elektron mehnat daftarchasi" joriy etilyapti. Unga ko‘ra, xodimning ish staji elektron tarzda yuritiladi. Xodim elektron mehnat daftarchasiga kiritilayotgan ma’lumotlarni soliq inspeksiyasiga borib, tasdiqlangan holda olishi mumkin. Shu vaqtga qadar ochilgan mehnat daftarchalari 2021 yilgacha amal qiladi. So‘ng, shaxsiy saqlash uchun egasiga topshiriladi.
Savolga Jomboy tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori Jamshid Jumanov javob berdi.
Manba: "Jomboy tongi" gazetasi