Mehnat qonunchiligini buzgan 170 nafar mansabdor shaxsga 653 million so‘mdan ziyod ma’muriy jarima tayinlandi
Bugun, 4 dekabr kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Komissiya a’zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda joriy yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va terimchilar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha ko‘rilgan choralarning samaradorligi tahlil qilindi.
Jumladan, senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar vakillari, jurnalist hamda blogerlardan iborat 13 ta, Davlat mehnat inspektorlari ishtirokida 6 ta ishchi guruh tashkil etilib, aholi, korxona, tashkilot va muassasalar xodimlari o‘rtasida majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlari o‘tkazildi. Joylardan tushgan murojaatlar zudlik bilan o‘rganilgani hamda aniqlangan muammolar joyida bartaraf etilgani, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan va munosib mehnat sharoitlari yaratilishiga yetarli e’tibor qaratmagan mansabdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgani ta’kidlandi.
Ishchi guruhlar tomonidan respublikaning barcha tumanlaridagi 5 861 ta ob’yektda o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganishlar davomida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mehnat qonunchiligini buzganligi uchun 170 nafar mansabdor shaxsga jami 653 million 167 ming so‘m miqdorda ma’muriy jarima tayinlandi.
Jumladan, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganligi uchun 42 nafar mansabdor shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasiga asosan javobgarlikka tortildi va yana 6 ta holat yuzasidan tegishli hujjatlar sudlarga kiritildi.