Mehnat ta’tili bo‘yicha qonunbuzilish bartaraf etildi

Urgut tumani adliya bo‘limiga tuman tibbiyot birlashmasida faoliyat yuritayotgan bir qator xodimlar, jumladan qorovul Dilmurod Himmatov tomonidan murojaat yo‘llangan.

Murojaatda xodimlar 2025 yil noyabr oyi uchun mehnat ta’tiliga chiqishi belgilangan bo‘lsa-da, kadrlar bo‘limi tomonidan bu haqda rasman ogohlantirilganiga qaramasdan, 2025 yil 3 dekabr kuniga qadar ta’til buyruqlari rasmiylashtirilmagani ko‘rsatilgan.

Urgut tumani tibbiyot birlashmasidagi 142 nafar xodim joriy yil 1 noyabrdan mehnat ta’tiliga chiqishi lozim bo‘lgan, biroq kadrlar bo‘limi inspektori tomonidan tegishli buyruqlar rasmiylashtirilmagan.

Shu sababli buxgalteriya tomonidan xodimlarga 256 579 560 so‘m miqdorida mehnat ta’tili pullari to‘lab berilmagan.

Adliya bo‘limi tomonidan taqdimnoma kiritilib, joriy yil 17 dekabr holatiga 142 nafar xodimning to‘lanmagan mehnat ta’tili pullari, ish haqiga tenglashtirilgan ta’til mablag‘lari, jami 256 million 579 ming 560 so‘m to‘liq undirib berildi.