Mehr

Onasi Mirhosil va ukalarini qarg‘agancha hovli supurardi. Bundan zada bo‘lib qolgan Mirhosil ko‘z ostidan iltijoli nigoh bilan otasiga qaradi. U har doimgidek beparvo. Nonushta unga tatimadi. 

Onam bizni o‘zi tuqqanmikin yoki asrab olganmikan-a? Xayolan o‘ziga savol berardi u. 12 yoshga to‘lyapman-u, biror marta suyib erkalaganini eslay olmayman... 

“Mirhosil, tez bo‘l! Dalaga chopiqqa bor”, degan ovozdan cho‘chib tushdi. 

- Oyi, bilagimdagi chipqonga qarang, issiqda shishib ketdi. Qattiq og‘riyapti. Do‘xtirga olib boring. 

- Uyda pul yo‘q, o‘lmaysan, dalaga jo‘na! - dedi onasi sovuqqina. 

Mirhosil ketmonini olib, dalaga otlandi. Qo‘lidagi yara og‘rib, bezovta qilishini hisobga olmasa, uyidan dala ming chandon yaxshiroq. Onasining tinimsiz javrashini eshitmaydi. To‘g‘ri, onasi Mirhosilning kiyimlarini yuvadi, ovqat pishirib beradi. Lekin baribir unga nimadir yetishmaydi. 

Uning Muhriddin degan do‘sti bor. Bahorda uning onasi Omina xola vafot etdi. Ancha vaqtgacha Muhriddin ko‘chaga chiqmay qo‘ydi. Mirhosil do‘stining ko‘zlari juda dardli boqadigan bo‘lib qolganini sezib, unga achinardi. 

Omina xolani juda yaxshi bilardi. Onasining fe’lidan bezib, uy ko‘ziga tor bo‘lib ketganida ko‘pincha Muhriddinlarnikiga borardi. Omina xola shunday mehribon ediki, Mirhosilning o‘ziga qolsa Muhriddinlarnikida jon deb bir umr qolardi. Ularnikida bir kuni choy ichib o‘tirganida Omina xola. 

 «O‘g‘lim, nega xomush bo‘lib yurasan?», deya qo‘llari bilan Mirhosilning boshini siladi. Yoqimli bir his uning vujudiga mahkam o‘rnashdi. Esini taniganidan buyon u bunday yoqimli hisni tuymagan edi. 

O‘sha voqeadan keyin Muhriddinlarnikiga tez-tez boradigan bo‘ldi. Omina xoladan “Boshimni yana bir marta silab qo‘ying”, deb iltimos qilgisi kelardi. Ammo aytolmasdi, aytishga tili bormasdi. 

Afsus, Omina xola endi yo‘q. Daladan qattiq charchab qaytgan Mirhosil naridan beri ovqatlanib uxlab qoldi. Tushida Omina xola Mirhosilning boshini silayotganmish.... 

U birovning qattiq turtkisidan cho‘chib uyg‘ondi. Ko‘zini ochsa, onasi nimalarnidir javrab tepasida turardi. U “Qaniydi tushim uzoq davom etsa”, deya o‘ziga o‘zi shivirlab qo‘ydi-da, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. 

Ne’mat ASQAROV.