«Mehr-2»: Iroqdan 64 bola O‘zbekistonga olib kelindi

2019 yil 10 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan o‘zbekistonlik 64 nafar begunoh bola maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Iroq davlati hukumati va YuNISEF Xalqaro bolalar tashkiloti bilan hamkorlikda ona Vataniga qaytarilgan bu bolalar Iroq davlati hududida og‘ir sharoitda yashayotgan edi.

“Mehr-2” insonparvarlik amaliyoti doirasida yurtimizga olib kelingan 39 o‘g‘il va 25 qiz bolaning orasida 14 nafar 3 yoshgacha bo‘lgan hamda 2 nafar ota-onasidan ayrilgan jajji bola bor.

Gumanitar amaliyot ishchi guruhi tomonidan ayni paytda turli xalqaro terroristik tashkilotlarga a’zo bo‘lib, o‘zga davlatlar fuqarolari tinchligi va osoyishtaligiga tahdid solgani uchun Iroq davlatida 10-20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan yoki umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan o‘zbekistonlik ayollar bilan tegishli suhbatlar o‘tkazildi va farzandlarini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha ularning roziligi olindi.



Ta’kidlash joizki, ushbu ayollardan ayrimlarining turmush o‘rtog‘i ayni paytda xalqaro terroristik tashkilotlar safida qolayotgan bo‘lsa, bir qismi jangovar harakatlar davomida ayanchli o‘lim topgan, qolganlari esa Iroq va Suriya qamoqxonalarida jazo o‘tamoqda.

Afsuski, to‘g‘ri yo‘ldan adashib, boshqa davlatlar orqali “urush o‘choqlari”ga borib, xalqaro terroristik tashkilotlar safiga qo‘shilgan ota-onalar farzandlari ruhiy va jismoniy qiyinchiliklarga duch kelgan.



Endilikda bu bolalar barcha qulayliklarga ega sog‘lomlashtirish muassasasiga joylashtiriladi. Mutaxassislar ularga har tomonlama tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatadi. Bolalar uchun issiq ovqat tashkil etilib, yangi kiyim-kechak bilan ta’minlanadi.

Ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish, homiylar va vasiylarga biriktirish, bog‘cha, maktabga joylashtirish masalalari ham hal etiladi.

Davlatimiz rahbarining bag‘rikenglik siyosati asosida amalga oshirilayotgan “Mehr” insonparvarlik amaliyoti davom etadi va hech bir O‘zbekiston fuqarosi himoyasiz qolmaydi.