Men bilgan Shuhrat domla

Samarqandda Samariddin Sirojiddinov degan jurnalist va shoirga shogird tushganman. Samariddin aka 1932 yilda Kattaqo‘rg‘ondagi Kichikko‘rpa qishlog‘ida tug‘ilgan. «Zarafshon» gazetasida o‘n yildan ortiq ishlab, muxbir, bo‘lim mudiri, mas’ul kotib vazifalarida ishlagan.

Sirojiy taxallusi bilan ijod qilardi. O‘ndan ortiq kitoblari chiqqan. Keyin, vafoti (1986 yil)ga qadar, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limini boshqardi. Filologiya fanlari nomzodi edi.

Samariddin akaga talabaligimda fakultetdagi tadbirdan xabar olib borib uchrashganman. U kishi qiziqishimni ko‘rib, avval “podchitchik”likka (musahhih o‘qiganda matnga qarab turuvchi), keyin APN agentligi materiallarini ruschadan o‘zbekchaga o‘girishga jalb etdi. “Jumla tuzish mahorating pishadi”, dedi. Avvaldan aytib qo‘yay, ishlab chiqarish amaliyotimda ham, diplom olgach, ishga kirganimda ham u kishining menga munosabati o‘zgarmadi: talabchan va mehribon rahbar sifatida ish o‘rgatdi. Garchi davralarida hayiqib, tortinib tursak-da, biz, yoshlarni suhbatga tortar, yangi she’rlaridan o‘qib berardi.

Sirojiy Kattaqo‘rg‘on mumtoz adabiy muhitini yaxshi bilardi. Shavqiy, Miriy, Xolis, Mamarasul Boboyev ijodi haqida maqolalar yozardi. Aruz vazniga e’tibor kamaygan sharoitda go‘zal g‘azallar ijod qilardi. Har davrada Alisher Navoiy, Lutfiy va Jomiydan g‘azallar o‘qib berardi.

Samariddin akaning asabiy bo‘lganini, birov bilan bahslashganini ko‘rmaganman. Har qanday holatda yengil mutoyiba bilan vaziyatni yumshatardi. Shuhrat ana shu insonning uchinchi farzandi.

Mukarram aya Ergash qizi Samariddin akaning turmush o‘rtog‘i. Qishloqdagi  oddiy mirob qizi, mehnatkash oila vakili. Oliy ma’lumot ololmagan, ammo shoir va jurnalistning birinchi o‘quvchisi edi. Uyida ko‘p bo‘lganim uchun ayaning mehridan, yaxshi muomalasidan, choyidan bahramand bo‘lganman. Farzandlarining barchasi o‘g‘il bo‘lsa-da, uyda tartib-intizom, sarishtalik hukmron edi. Xizmat uyida yashagani uchun ko‘pqavatli uyining har bir yumushi bo‘lib olingan edi. Uyidagi boy kutubxonadan faqat oila a’zolari emas, biz,  shogirdlar ham foydalanardik. Mukarram aya esa har bir kitobning qayerda turganini, nima haqida ekanini yaxshi bilardi. Bu mo‘’tabar ayol Shuhratning volidai muhtaramasi edi!

Bu avlodning boshida turgan ma’rifatli zot Sirojiddin maxsum Kattaqo‘rg‘onning boobro‘ ziyolisi bo‘lgan Abdulg‘affor bazzozning yagona o‘g‘li bo‘lgan. U Buxoro madrasasini tugatib kelganda sovet tuzumining qatag‘on siyosati qahriga uchrab diniy-mistik shoir So‘fi Olloyorning avlodi bo‘lgani uchun  ikki marta qamaladi. Sheriklarining yordamida Buxoro qamoqxonasidan qochib yashirincha uyga qaytadi va qizil askarlarning tazyiqidan qo‘rqib, Kattaqo‘rg‘on shahridagi  uy-joyini jiyaniga tashlab,o‘z oilasi bilan NKVD tazyiqidan uzoqroq bo‘lgan Kichik ko‘rpa qishlog‘iga ko‘chib o‘tadi. Bu qishloq yerlari bir mahallar uning ajdodlariga qarashli bo‘lib, mahalliy aholi ularning muruvvatlaridan bahramand va rozi bo‘lgani uchun darhol bir paytlar dala hovlisi bo‘lgan makonni ularga bo‘shatib beradilar. Biroq shu davrda qishloq kengashlari tuzish ishlari (selsovet) boshlanib, rayon partiya qo‘mitasi a’zolari qishloqqa kelib uni tanib qolishadi va darhol NKVDga xabar berishadi. Sirojiddin quloq qilinib bor mol-mulki musodara qilinadi va o‘zi Kattaqo‘rg‘on qamoqxonasiga tiqiladi. U bu yerdan ham pora evaziga qochishga yo‘l topadi va zudlik bilan oilasini olib, yashirincha bu yurtdan bosh olib chiqib ketadi. Turkmaniston orqali Arabistonga o‘tib ketayotganda chegara yopilib, Orenburgda bir muddat jon saqlashga majbur bo‘ladi va  faqat 1938 yildagina vatanga qaytishga muyassar bo‘ladi. Qishloqdan bir parcha yer olib, amal-taqal qilib uy soladi va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi.   Ikkinchi Jahon urushi boshlanganda “xalq dushmani” tamg‘asi borligi tufayli urushga yuborishmagan, ammo Sibirning uzoq o‘lkalarida daraxt kesish ishlariga jalb etilgan. 1946 yil Sibirdan qaytgach, umrining oxirigacha Kichik ko‘rpa qishlog‘ida og‘ziga mum solib, o‘tmishini, qanday zotlarning zurriyodi ekanligini begonalardan bekitib yashadi, farzandlariga ham bu haqda churq etmaslikni tayinladi. Og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi-da.  Xuddi shunday ko‘rgiliklarni boshidan kechirgan qarindoshi Nojiy taxallusi bilan ajoyib g‘azallar yozgan Qori Muhammadrasul Zubaydulla ham 1949 yil  17 yillik quvg‘indan qaytgach, shahardagi uy-joyiga bormay, Sirojiddin Maxdumning yonida uy qurib yashaydi. Bu ikki zabardast ulamoning makonida butun Kattaqo‘rg‘on shahri keksa ziyolilarining maroqli suhbatlari kechgan. Bu tungi suhbatlarda navoiyxonlik, bedilxonlik qilingan, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si o‘qilgan. Ularning muhitida tarbiyalangan Nojiyning o‘g‘li, keyinchalik xalq ta’limida elga tanilgan Abdulaziz Zubaydullo, Qobil Uzoqov , Samariddin Sirojiddinov, Hasan Normurodovlar xalq orasida obro‘li ziyoli bo‘lib yetishdilar. Qobil Uzoqov uzoq yillar “Qizil O‘zbekiston” gazetasi muharrir o‘rinbosari, O‘zTAG (hozirgi O‘zA) axborot agentligini boshqardi. Hatto davlat delegatsiyasi safida o‘sha paytdagi SSSR davlati rahbari N.Xrushchev delegatsiyasi safida AQShga borib qaytdi. Bu inson – Shuhratning amakisi edi! Zamon tinchigan 70-yillarda Qori Muhammadrasul bobo shahardagi uyiga qaytadi, ammo Sirojiddin  bobo o‘z avlodi bilan shu yerda qoladi.

Viloyatdagi uchrashuvlarning birida davlatimiz rahbari «Hasan Normurodov mamlakat ziyolilarining yuzi» degandi. Bu bejiz emas. Hasan Norbekovich Qori Muhammad Rasul ziyosi, Sirojiddin maxdum ilmi tufayli o‘qib kamolga yetdi. Hasan Normurodov Shuhratning onasi Mukarram opaning jiyani edi. O‘zidan 5-6 yosh katta Samariddin aka etagini ushladi. Adabiyot muallimi bo‘lgach, keyinchalik partiya ishiga o‘tdi. Mustaqillik davrida O‘zbekiston Qahramoni bo‘ldi. Hasan aka mening suyukli ustozim, Shuhratning tog‘asi edi!

Akademik Boturxon Valixo‘jayev SamDU rektori yordamchisi, shuning barobarida mumtoz adabiyot kafedrasi o‘qituvchisi bo‘lgan bu yigitga alohida mehr qo‘ydi. O‘zidagi ishtiyoq tufayli arab va fors tillarini yaxshi bilgan yosh olimni Alisher Navoiy olamiga olib kira oldi. Bu buyuk inson Shuhratning ustozi edi!

Otasidan erta judo bo‘lgach, u garchi akasi ichki ishlar xizmatidan pensiyaga chiqqan, ukasi O‘ktam nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan, ukasi Hotam endi ilm yo‘lini tanlagan bo‘lsa-da, marifatli bobolari, padari buzrukvori yo‘lini davom ettirishni o‘z zimmasiga oldi va halol olimlar etagidan tutdi.

Darvoqe, bu paytga kelib  u bir qadar hayotiy tajribaga ham ega edi.

...Uchinchi kursda o‘qiganida arab va fors tillarini yaxshi bilgani uchun uni Afg‘onistonga tarjimon qilib jo‘natishdi. Rosa bir yil urushni ko‘rib, hayotiy nuqtai nazari shakllandi.

Shu sababli o‘qishni tugatgach, uni zobit sifatida yana Afg‘onistonga jo‘natishdi. Razvedkada ishladi. O‘shanda bu jasoratli yigit jasorati va mahorati bilan qamalda qolgan vzvodning yarmini dushman hujumidan olib chiqishga erishdi va «Qizil yulduz» ordeni bilan taqdirlandi. U - katta leytenant Shuhrat Sirojiddinov edi!

Shuhrat Samariddinovich Samarqandga ikki bor qaytdi. Avval Prezident akademiyasini tugatgach, bir muddat Imom Buxoriy xalqaro jamg‘armasini boshqardi. Keyinchalik Samarqand chet tillari instituti rektori sifatida. U ana shu muddatda o‘zini bobolari, otasi an’analariga ilm, fanga sodiqligini ko‘rsata oldi. Halolligi, oqilligi, e’tiborliligi, eng muhimi doimiy izlanishda bo‘lishi va mashaqqatlardan qo‘rqmasligi bois ziyolilar hurmatiga sazovor bo‘ldi.

Shuhrat bilan juda ko‘p suhbat qurganman. Undagi muomala madaniyatiga, fikrini izhor etish mahoratiga havas qilaman. Mumtoz adabiyot ahamiyati, yoshlarni ilmga jalb etish haqida kuyinib gapiradi. Davlat rahbarlari bilan yangi oliygoh - O‘zbekistonda o‘zbek tili va adabiyoti universiteti konsepsiyasini muhokama qilib qaytgach, taassurotini shu qadar hayajon va faxr bilan aytib berdiki, go‘yo tuganmas xazina topgandek kayfiyatda edi.

Shu sababli uning Alisher Navoiy hayoti va ijodini o‘rganishdagi yangi ilmiy talqini Davlat mukofotiga sazovor bo‘lganda kamina mamlakatimizda ilmiy jasorat odilona baholanganiga ishondim. Darvoqe, men Samariddin akaning boshqa o‘g‘illari haqida ham ana shunday haroratli so‘zlarni ayta olaman. Chunki ular ham o‘z jabhasida ko‘pchilik hurmatiga sazovor bo‘lib halol va g‘ayrat bilan faoliyat ko‘rsatmoqdalar.

Sh.Sirojiddinov universitet rektori sifatida davlat tili nufuzini oshirish, ona tilimiz sofligi, bu buyuk til qadri yo‘lida zahmat chekkan allomalarni ulug‘lash, ona tili tadqiqotchilari safini oshirish borasida ibratli ishlar qilayotganini ko‘rib, bilib turibmiz. Bu faoliyatga baho berish, albatta, soha mutaxassislarining ishi. Lekin men ilmiy salohiyatga o‘z ijodiy yo‘li, uslubi va maktabiga ega bo‘lgan olimni, qadrli ustozimning fidoyi olim o‘g‘lini tabarruk yoshi bilan qutlayman!

Ijodga baraka, Shuhrat domla!

Farmon Toshev,

“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri, Oliy Majlis Senati a’zosi.