Meni muharrir qilgan gazeta...

Yaqin yillargachayam qaysidir nashrga muharrir bo‘lish xayolimga kelmagan. 2016 yilning avgustida kamina hatto tahririyat binosi qayerdaligini ham bilmaydigan “Jomboy tongi” gazetasiga muharrir bo‘ldim.

Bugun “Jomboy tongi” 85 yoshga to‘ldi! Afsus, uning bayram sonini chiqara olmadik...

Qisqacha uning o‘tmishi, buguni haqida.

Kecha

1935 yil “Davlatli turmushga” nomi bilan nashr etilgan gazetaning birinchi muharriri Yo‘ldosh Ismoilov bo‘lgan. O‘qituvchi O‘rol Qayumov ham o‘sha vaqtlarda nashrning tashkil etilishiga hissa qo‘shgan.

Keyinchalik gazetaning nomi o‘zgarib bordi. Yillar davomida “Kommunist”, “Shonli mehnat” nomlari bilan chop etilib turdi. 1993 yil 25 oktyabrdan boshlab “Jomboy tongi” deb nomlandi.

Gazetaga Teshaboyev, I.Xonimov, S.Yo‘ldoshev, X.Mirzayev, Normat Niyozov, Matlab Ermuhamedova, Botir Pirnazarov, Mirza Majidov, Rahmatilla Inoyatov, Abdusamat Hamidov, Abduqodir Rahmonqulov, Abdusamat Hamidov, Olim Hamzayev, Ashurbek Po‘latov, Hulkar Mamatmurodova muharrirlik qilgan. Kamina bu insonlarning to‘rt nafarini taniyman. Qolganlarini arxivimizda saqlanayotgan suratlari va maqolalaridan bilaman, xolos.

Ularning ko‘pi bugun oramizda emas. Mehnatlaridan Alloh rozi bo‘lsin!

O‘tgan davrda tahririyatda Ochil To‘ychiyev, Yo‘ldosh Otamurodov, Muhammadi Berdialiyev, Mashrab Boboyev, Abdusalom Suyunov, Abdurasul Oltmishev, Oblaqul Usmonqulov, Sulaymon Husainov, Oyxumor Asadova, Gulchehra Jamilova, Shokirjon Sheraliyev, Nazokat Sherboyeva, Gadoy Abdurahimov, Alisher Umidov, Yoqub Aminov singari iste’dodli jurnalistlar samarali mehnat qilishdi.

Gazeta yutuq va yutquziqlari bilan shonli yo‘lni bosib o‘tdi. Uni nomma-nom sanashga hojat yo‘q. Gazetamiz arxivini varaqlab, tez-tez chop etilgan maqolalarni qayta e’lon qilib turamiz. Sabab, o‘sha so‘z bugun ham yashayapti, bugun ham kerak.

Bugun

“Jomboy tongi” muharrirligimda chiqa boshlagan ilk oylardanoq tumanning faxriy ijodkorlari bilan qiziqdim.

Bir vaqtlar ushbu nashrning eng zabardast xodimi bo‘lgan Shokirjon Sheraliyev yana siyosiy sharhlar yoza boshladi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Oyxumor Asadova yana yangidan yangi g‘oyalar berdi. Publitsistik maqolalarini e’lon qildik. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Gulchehra Jamilovaning ovozi paydo bo‘ldi. Hasan Sultonovning karikaturalari nashrimizga toza nafas olib kirdi. O‘zining ta’biri bilan aytganda, Hasan aka “o‘zini qaytadan topdi”.

Sherzod Isoqulov, Orifjon Odilov degan yigitlar yonimga kirdi. Ular bugun kichik tumanning KATTA JURNALISTLARI! Ba’zan ovozi Jomboyga sig‘may qoladi. Ishoning, shunday. Ularga ergashib Ahror Shamsiyev qalam tebrata boshladi. Gazetamiz Sohib aka Sayfullayev tushirgan fotosuratlar bilan yanada jonlandi.

Xalqsiz OAV – hech narsa

Adabiyot siyosatga aralashmasin, deguvchilar bor. Uning teskarisini aytguvchilar ham kam emas. Jurnalistikaga ham shu nuqtai nazardan ta’rif beruvchilar topiladi.

Men esa jurnalistika – siyosat, deguvchilar tomondaman!

Tan olish kerak, ma’lum muddat siyosatga juda uzoqdan aralashganimiz uchun O‘zbekistonda OAV xalqdan uzoqlashdi. Vaholanki, xalqsiz OAV – hech narsa!

Nokamtarlik bo‘lsa-da, aytay. So‘nggi yillarda prokuratura, IIB, sud tizimidagi kamchiliklarni tanqid qildik. Hokim o‘rinbosarlari faoliyatiga achchiq baho berdik. Demak, muassisimiz bo‘lgan hokimiyatni ham ayaganimiz yo‘q.

Qizig‘i, bizni “yeb qo‘yishmadi”. Xafa bo‘lishdi, yig‘ilishlarda, ko‘chada ko‘rib qolganda qovoq uyishdi. Ammo so‘roq berganimiz yo‘q. Negaki, xolisligimiz, funksional vazifamiz nima ekanligini bildirishga intildik.

So‘nggi to‘rt yilda tumanda uch marta rahbariyat almashdi. Muhimi, ularga gazeta – oyna ekanligini tushuntira oldik, nazarimda.

Umid qilamizki, gazetamizning hurmatini to‘kib qo‘ymadik. Bizdan oldin bu nashrni tebratganlarga munosib bo‘lishga intildik.

Koronavirus, gazetamizning tug‘ilgan kuniniyam rasvo qildi!

Ammo tushkunlikka tushmaymiz. Biz hali yaxshi maqolalar, sizning o‘y-fikrlaringiz bilan xonadoningizga kirib boramiz!

Isomiddin PO‘LATOV,

“Jomboy tongi” gazetasi muharriri.

(Uydaman!)