MIB: Qarzdorlik bartaraf etilganligi haqidagi hujjat boshqa shaxsga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ldi
Majburiy ijro byurosi xabariga ko‘ra, joriy yilning 12 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Majburiy ijro byurosining ayrim xodimlari ataylab 15 kunlik ixtiyoriy muddatni o‘tkazib, ijro yig‘imini undirishni o‘ziga kasb qilib olganmi?" mazmunida xabar tarqalgan.
Aniqlanishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlarararo sudining 04.12.2023 yildagi ijro varaqasiga asosan qarzdor Nargiza Saidovadan undiruvchi "Yashil Makon Standart" MChJ foydasiga 1 mln. 843 ming so‘m asosiy qarz, 330 ming so‘mlik davlat boji va 16,5 ming so‘m pochta xarajati undirish bo‘yicha hujjati Byuroning Oqdaryo tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Mazkur ijro hujjati Byuroning Oqdaryo tuman bo‘limi ish yurituviga 22.02.2024 yilda kelib tushgan va shu kuni ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilingan va qarzdorga "Mib Portal” dasturi orqali SMS xabarnomalar yuborilgan.
Ijro hujjati bo‘yicha qarzdorga berilgan 15 kunlik ixtiyoriy muddat ichida qarzdorligini to‘lamaganligi sababli, unga nisbatan 08.03.2024 yilda amaldagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 77, 86-moddalariga asosan 92 ming 982 so‘m ijro yig‘imi qo‘llanilgan.
Murojaat muallifi N.Saidova tomonidan qarzdorlik bartaraf etilganligi haqidagi davlat ijrochiga taqdim etgan hamda ijtimoiy tarmoqlarda yoritgan fotosuratda ijro hujjatiga aloqasi bo‘lmagan N.Akbarovaga taalluqli ma’lumotnomani 22 fevral kuni taqdim etilgan.
Shundan so‘ng, joriy yilning 11 mart kuni qarzdor N.Saidovaning o‘g‘li tomonidan +9989722...4 telefon raqami orqali davlat ijrochisi D.Doniyorovning Telegram raqamiga "Yashil Makon Standart" MChJ tomonidan N.Saidovaning qarzdorligi to‘liq to‘langanligi to‘g‘risida ma’lumotnoma tashlab berilgan va dasturga biriktirilib, asosiy qarzdorlik bartaraf etilgan.
Hozirda esa, ushbu ijro hujjati yuzasidan qo‘llanilgan 92.982 so‘m ijro yig‘imi undirish choralari ko‘rilmoqda.