Mikroqarz va imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan shaxslar aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departament Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan “Mikrokreditbank” ATB Samarqand viloyat mintaqaviy filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Natijada “Bog‘ishamol” bank xizmatlari markazi sobiq boshlig‘i A.T. qarindoshi F.X. va boshqalar bilan o‘zaro til biriktirib, mikroqarz olish uchun murojaat qilgan fuqarolar nomiga turli xo‘jalik yurituvchi sub’yektlardan soxta ish haqi ma’lumotlarini rasmiylashtirish orqali jami 386,7 mln. so‘m mikroqarz rasmiylashtirishib, bu pullarni talon-toroj qilgani aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Paxtachi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B.K.” xususiy korxonasi rahbari F.K. o‘g‘li X.B. nomiga “P.S.” MChJ tashkil etib, tijorat banki filialidan paypoq ishlab chiqarish uskunasi sotib olish maqsadida 232 mln. so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablag‘larni “B.K.” xususiy korxonasiga o‘tkazish orqali talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.