Millat kelajagi tarbiya bilan

Bugun insoniyat ulkan o‘zgarishlar, taraqqiyot omillari va fan yutuqlariga erishdi. Uning ongi, tafakkuri yuksaklik sari intilmoqda. Afsuski, shu bilan birga insonlar ongida turli illatlar, o‘zgalar hayotini izdan chiqarishga qaratilgan buzg‘unchi, vayronkor g‘oyalar bo‘y cho‘zyapti.
Bugungi yoshlar turli mafkuralar, ma’naviy tahdidlar tajovuzi kuchayib borayotgan sharoitda yashayapti. Sog‘lom dunyoqarashni shakllantirmasdan turib, yoshlarni ma’naviy tahdidlardan, “ommaviy madaniyat” ta’sirlari yoki marginal ma’naviyat unsurlaridan xalos qilib bo‘lmaydi. Chunki ma’naviy tahdid sifatida namoyon bo‘layotgan gedonizm, evtanaziya, evdomonizm, bir jinsli nikoh, kiberterrorizm va boshqa shu kabi omillar axborot va texnologiyalar rivojlangan asrda yoshlar ongi, tafakkuriga va ma’naviy hayotiga ta’sir qilmay qolmaydi.
Ta’kidlash o‘rinliki, bu kabi illatlarga qarshi bitta jabhadagina kurashib bo‘lmaydi. Avvalo, yoshlarning dunyoqarashini shakllantirish, ularning sog‘lom ruhiyatini tarbiyalash oila, ta’lim muassasalari va ommaviy axborot vositalarining asosiy vazifasi bo‘lishi lozim. Sog‘lom ruhda tarbiya topgan va o‘z milliy ma’naviyati, madaniyatiga ega jamiyatgina o‘zini millat sifatida saqlab qoladi.
Ruhiy olam shaxs ichki dunyosiga aloqador axloqiy hodisalar va jarayonlardir. Ular o‘zaro bog‘liq, xilma-xil va murakkab bo‘lib, tarkibiga tashqi olamni bilish va madaniyat, san’at hamda faoliyat vositalari orqali o‘zini namoyon etish kabi ruhiy va ma’naviy ehtiyojlar, qiziqishlar, tabiat, jamiyat, inson va o‘zi haqidagi tasavvurlar hamda bilimlar, his-tuyg‘ular, qobiliyat va maqsadlari, e’tiqodi va qadriyatlar kiradi. Inson buzg‘unchi g‘oyalar ta’siri ostida voyaga yetsa va tarbiyalansa, shu muhitda kamol topsa, nosog‘lom ruhiy holatdagi insonga aylanadi. Sog‘lom ruhni shakllantirishning asosi va mezoni bilim, axloq va ma’naviyat birligi hisoblanadi.
Farhod NAZAROV,
Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari.