Millat taqdiriga daxldor qonunning ishlashiga ishonch bag‘ishlagan kuch

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunni haligacha kechagidek eslayman. 1989 yilning 21 oktyabr sanasi. O‘shanda biz ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakulteti talabalari Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumani Voroshilov nomidagi 10-sovxozida paxtada edik. Ammo o‘sha kuni bizga butun viloyat rahbariyati alohida e’tibor qaratgandi. Negaki, talabalar o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi masalasining ko‘rib chiqilishi va qabul qilinishini paxta dalasida turib ham jiddiy himoya qilishga kirishgan edi.

O‘sha kuni hali sobiq ittifoq va kommunistik partiya hukmi kuchdaligiga qaramasdan, respublikalarning milliy qudratga ega bo‘lishiga tish-tirnog‘i bilan qarshiliklar kuchaygan bir paytda tarixiy qaror qabul qilindi. Ziyolilarning qat’iy ruhdagi chiqishlari hamda respublika rahbariyatining jasorati evaziga tilimiz davlat tili maqomiga ega bo‘ldi. Bu istiqlolning ilk qadami edi. Bu o‘zlikka qaytish yo‘lidagi o‘ta muhim odim edi. Bu biz talabalarning ham bayrami, chin ma’noda g‘alabasi edi.

Yillar o‘tib bildikki, qonun chiqarish bilangina ish bitmas ekan. Qolaversa, o‘zbek tilining uzoq yillik ikkinchi darajalik mavqei nafaqat «yuqori»dagilarning, balki o‘zimizdagilarning ham ancha-munchasiga ma’qul bo‘lib kelgani kimning xayoliga kelibdi, deysiz.

Mayli, o‘tgan ishlar o‘tdi-ketdi. Biroq keyinchalik yurtimiz mustaqil davlat bo‘lib, milliy uyg‘onish zaruratga aylangan zamonda ham tilimizga e’tiborsiz bo‘ldik. O‘sha tarixiy qonunga amal qilmadik. Albatta, eslab turdik. Shunchaki, nomigagina bayram qilib, maqtanib yurdik. Ziyolilarimiz 21 oktyabr arafasida bir-ikki chiqish bilan cheklanib qo‘ya qoladigan bo‘lishdi.

Aslida, maktablarda ona tilimizni o‘rgatish yil sayin orqaga ketdi. Oliy o‘quv yurtlarini tugatgan kadrlar ham o‘z ona tilida g‘ij-g‘ij xato bilan yozishni or bilmay qo‘ydi. Shaharu qishloqlarimiz ko‘chalaridagi yozuvlarni ko‘rib, yuzimiz qizarmadi. Dastlab ajnabiy yozuvlarga hayratlandik. Shunday bo‘lsa, «zamonaviy» bo‘lgandek his qildik, o‘zimizni. Bora-bora noraso yozuvlarga, imlo xatolariga, ajnabiy yozuvlarga, so‘ngra, hatto, ajnabiy ismlarga ham e’tibor qilmay qo‘ydik. Biz ko‘nikdik. Ko‘nikish esa fojiamizga aylanayozdi.

Oradan o‘ttiz yil o‘tdi. Tarixiy hujjat qabul qilinganda ona allasini endigina eshitgan go‘dak navqiron yoshga yetdi. O‘shanda biz o‘ylagandikki, yana 30 yildan so‘ng tilimiz dunyoni tutadi, deb. Afsuski, bugungacha ham ona tilimiz mavqeidan xavotirdamiz. Bular bugungacha bo‘lgan holatimizning achchiq chizgilari.

2019 yil 4 oktyabr kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Bu xabardan yuraklar bir qalqdi. Ko‘ngilda yana umidlar shu’lalandi. Xayriyat, ziyolilar yana otash bo‘lib yondi. Ko‘ngildagi gaplar yuzaga chiqdi. Matbuotda, televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlarda bo‘y ko‘rsatdi. Odamlar uyg‘ondi. Axir tilga e’tibor – elga e’tibor edi-da! Xalqning qaddi ko‘tarila boshladi.

2019 yil 21 oktyabr. Prezidentimiz o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda ishtirok etdi. Ona tilimiz haqida, uning istiqboli haqida yoniq ma’ruza qildi.

Bugun dunyoga o‘zimizni ko‘rsata oladigan, kimligimizni isbot etgan, qisqa vaqtda bunyod etilgan muhtasham Xalqaro Kongress markazida biz mushtoqlik bilan kutgan fikrlar aytildi. O‘zbek tilining davlat maqomiga erishgan kun umumxalq bayrami sifatida nishonlanadigan bo‘ldi.

Bayram qachon qilinadi? Shu kun inson uchun qadrli bo‘lsa, shu kun inson hayotida unutilmas, sira-sira unutib bo‘lmas kun bo‘lsa.

Prezidentimiz 21 oktyabr sanasini yurtimizda «O‘zbek tili bayrami kuni» deb belgilash tashabbusi bilan chiqdi. Buni ona tilimiz fidoyilari, ziyolilar, butun xalqimiz ulkan xushxabar sifatida, beqiyos xursandchilik bilan qarshi oldi. Bu kun millat uchun unutilmas kun edi. Shunday bo‘lib qolajak ham.

Axir til bayrami – el bayrami. O‘zlikka qaytilgan kun sifatida mangulikka daxldor. Tilsiz millat bo‘lmaydi. Bu kunni nishonlash o‘zlikni nishonlash, onani e’zozlash, avlodlar davomida millat ruhini saqlashni nishonlash demakdir.

Muhimi, endi bu kun oldingidek mavsumiy va shunchaki esga olib qo‘yish bilan o‘tilmaydi. Haqiqiy bayram bo‘ladi. Yana ham muhimi shuki, unga mustahkam asoslar bilan tayyorgarlik ko‘riladi.

Gap shundaki, Prezidentimiz shunday taklifni o‘rtaga tashladi: ona tilimiz mavqeini ko‘tarishni o‘zimizdan, oilamizdan, jamoamizdan boshlaylik. Bu adolatli va ayni vaqtda eng to‘g‘ri tashabbusdir. Zero, davralarda ona tilimiz istiqboli haqida og‘zimiz ko‘pirib gapirsakda, oilamizda, jamoamizda boshqa tilda so‘zlasak, bunday til rivojlanmaydi.

Prezidentimiz o‘z nutqida ta’limning barcha bosqichlarida ona tilimizni o‘qitish saviyasi, sifatini oshirish, zamonaviy texnologiyalar bilan mukammallashtirish masalasini kun tartibiga qo‘ydi. Dildagi gaplar edi bu. Uni-da barchamiz bir xushxabar o‘laroq dildan qo‘lga ko‘chgan qarsaklar bilan qabul qildik. Yurak-yurakdan qo‘llab-quvvatladik. Zotan ona allasi bilan qonimizga kirgan til ta’lim bilan sayqal topadi. Ta’lim ona tilida bo‘lmas ekan, o‘zga til orqali o‘zga millat madaniyati ham ruhiyatga singib boradi. Ona tilida o‘ylagan inson millat taqdirini o‘z taqdiri deb biladi. Biz ko‘zlagan maqsad ham aslida shu.

Davlatimiz rahbari ko‘cha va ob’yektlarning nomlanishi xususiy ish emas, balki millat ma’naviyati, uning bebaho boyligi bo‘lgan tiliga bo‘lgan e’tiborning in’ikosi ekanini qat’iy tarzda ta’kidladi.

Prezident farmoniga binoan Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti, shuningdek, tilimizga yangi atamalarning kirib kelishi bilan bog‘liq turli chalkashliklarni tartibga solish bo‘yicha atamalar komissiyasi tashkil etilishi haqidagi xabar samimiy olqishlar bilan kutib olindi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lgan O‘zbekistonning yana bir ezgu taklifi – turkiy tilli davlatlar yozuvchilarining eng sara asarlaridan har bir tilda yuz jildli asarlar to‘plamini nashr etish borasidagi g‘oyaning a’zo davlatlar tomonidan bir ovozdan qabul qilingani esa qalblarimizda iftixor hissini yanada jo‘sh urdirdi.

Bayram tantanalarining badiiy qismi har bir ishtirokchida o‘chmas iz qoldirarli tayyorlangani bilan e’tiborli bo‘ldi. Jonli ijro, xalqimizning asl san’ati namunalari saralangani, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva kabi millat iftixoriga aylangan shoirlarning o‘z tillarida ona Vatan madhini yuksak cho‘qqilarga olib chiqilgan asarlarining o‘qilgan tasmalari qo‘yilganida ko‘zlar namlandi. Mumtoz san’atning har uch yo‘nalishidagi noyob ashulalarning dasturdan o‘rin olgani esa hech bir ziyoli e’tiboridan chetda qolmadi.

Endi biz bundan o‘ttiz yil ilgarigi o‘sha tarixiy kunni yaxshi eslab yurganimiz kabi 2019 yilning 21 oktyabr sanasining xotiramizda ona tilimizga e’tibor, istiqlolni mustahkamlagan kun sifatida qolishi, shubhasiz. Faqat u yarim iftixor, yarim mas’uliyatli xotira emas, balki shuurimizga har bir inson o‘z millatining kelajagi uchun mas’ul, o‘z ona tilining taqdiri uchun javobgar, degan bir otashin va mukammal, butun bir vazifa va burchni yelkalagan tarixiy kun sifatida eslanajak.

Ona tilimizning baralla jaranglagani – istiqlolimiz yanada mustahkamlangani barchamizga muborak bo‘lsin!

Husan ERMATOV,

jurnalist.