Millioner otaxonlar
Kattaqo‘rg‘onning Qirg‘iz mahallasi odamlari asosan tomorqada mehnat qilishadi – dehqon, bog‘bon, tadbirkor kishilar. Va bu mehnatlari ortidan ro‘zg‘orlari obod, ruhi tetik, sog‘lom. Eng muhimi, doimiy daromadga ega.
Hech bir oilada bekorchi odam yo‘q. Kattalarning ham, yoshlarning ham o‘z yumushi bor. Mehnatga o‘rgangan odam, kam bo‘lmaydi, deyishadi ular.
Hatto, oilalarning yoshi ulug‘ kishilari ham tomorqa yumushlari bilan band bo‘lishar ekan.
Mana bu otaxonlar – Sirojiddin aka va Izzatilla aka devor darmiyon qo‘shni. Ikkovlari ham 70 yoshni qoralagan bo‘lsa-da hamon tinib-tinchimaydi, oyoq uzatib o‘tirishni o‘zlariga ep ko‘rishmaydi.
Biri asli o‘qituvchi bo‘lsa-da ota kasbi deb, asalarichilik bilan shug‘ullanadi. Ikkinchisi esa 9 sotix tomorqasidan erta bahordan kech kuzgacha baraka yig‘ishtiradi. Yil bo‘yi dehqonchiligu bog‘bonlik bilan rizq yaratib, keksaligini ham unutadi.
- Tomorqamning 6 sotixiga nok ekkanman, - deydi Izzatilla Hosilov. Noklar orasida malina, shuningdek, qulupnay, kartoshka, piyoz, pomidor, deganday ro‘zg‘orga kerakli sabzavotlar yetishtiraman. 6 tup gilosdan ham har yili yaxshi hosil olaman. Shu 9 sotix tomorqadan 20 million so‘mgacha daromad qilaman.
Asalarini bejizga yetti xazinaning biri, deyishmaydi. Bu hashorotning foydasi katta. Uning asali, zahri, propolisi, gulchangi ko‘pgina kasalliklarga davo. Sirojiddin Saidahmedov shuning uchun ham aslarichilik bilan shug‘ullanadi. Yiliga kamida 100 million so‘m daromad qiladi.
- Xonadonimizga asalarini 1963 yilda rahmatli otam olib kelgan edi, - deydi S.Saidahmedov. – O‘shanda yetti yoshda edim. Shundan beri asalarichilik bilan shug‘ullanib kelaman. 20 dan ziyod shogirdlar tayyorladim. Ularning eng kichigi 15 yoshda. Shogirdlarim orasida 85 yoshli otaxon ham bor. O‘tgan yili 110 dan ziyod asalarilar oilasidan 1 tonna 300 kilogram asal oldik. Bu yil 155 oilaasalari boqayotgan bo‘lsak, 2 tonna asal olishni rejalashtirib turibmiz.
Sirojiddin aka faqat asaldan emas, balki asalarilar oilasini ko‘paytirib sotish orqali ham mo‘may daromad topmoqda.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.