Milliy gvardiya kam ta’minlanganlar holidan xabar olmoqda

Bugun dunyo ahlini sarosimaga solib qo‘ygan koronavirus pandemiyasi tarqalgan bir paytda keksa, nogiron va kam ta’minlanganlar holidan xabar olish eng xayrli amallardan biri hisoblanadi.

Viloyat Milliy gvardiyasi xodimlari tomonidan aholiga ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida ishchi guruh tashkil qilingan bo‘lib, ular shahar va tumanlarda moddiy yordamga muhtoj oilalar holidan xabar olishyapti.

Kecha ishchi guruh Samarqand shahridagi Toj Mahal mahallasida yashovchi Marat Qurbonov xonadonida bo‘lib, ro‘zg‘orga zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari topshirdi.

Shuningdek, Ali Qushchi mahallasida yashovchi Lyudmila Razzakovaga ham amaliy yordam ko‘rsatildi.

- Men onam bilan yashayman, - dedi Lyudmila. - Hozirda ishsizman. Karantin davrida viloyat Milliy gvardiyasi xodimlari tomonidan olib kelingan mahsulotlar oilamiz uchun juda zarur edi. Ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Viloyat Milliy gvardiyasi xodimlari Nurobod tumani, Oqsoy mahallasida yashovchi Fazilat Razzoqovaning xonadonida ham bo‘ldi. Ayolning turmush o‘rtog‘i erta olamdan o‘tgan bo‘lib, 5 nafar farzandni yolg‘iz katta qilib kelmoqda. Uning uyi ta’mirtalab ahvolga kelib qolgani sabab, ishchi guruh yolg‘iz ayolning uyini ta’mirlab berdi. Shuningdek, xonadon sohibasining 20 sotix tomorqasi traktor bilan haydab berildi va bahorgi ishlar amalga oshirildi.