Milliy gvardiya xodimi cho‘kayotgan ayolni qutqarib, o‘zi cho‘kib ketdi
Namanganda o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan ayolni qutqargan Milliy gvardiya xodimi qidirilmoqda. Bu haqda Milliy gvardiyaning matbuot xizmati xabar berdi.
Voqea kecha, 10 fevral kuni sodir bo‘lgan. Namanganning Uychi tumani hududidan oqib o‘tuvchi Norin daryosi ko‘prigida xizmat faoliyatini olib borayotgan Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati xodimi A.Abdulvohidov daryoda cho‘kayotgan ayolni ko‘rib qolgan va zudlik bilan yordamga shoshgan.
Ayol ayni damda ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turuvchi, 1994 yilda Namangan tumanida tug‘ilgan N.O. bo‘lgan. Aniqlanishicha, u o‘z joniga qasd qilishga harakat qilgan va o‘zini daryoga tashlagan.
Hodisa sodir bo‘lgan joyda xizmatda bo‘lgan xodim ayolni kuchli oqim domidan olib chiqib, qirg‘oqdagi sherigiga topshirgan. Ammo qish faslidagi suv haroratidan tomirlari tortishib qolishi oqibatida daryoning kuchli oqimi uni olib ketgan.
Qutqarilgan ayol zudlik bilan shifoxonaga yetkazilib, hozirda holat yuzasidan tegishli organ xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ammo o‘z qasamyodiga sodiq holda xizmatga shay bo‘lgan, bir insonning hayotini saqlab qolgan xodimning o‘zidan hozirgacha darak bo‘lmayapti.
Ayni paytda xaloskor xodimni qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.