Milliy seriallar ma’naviyatimiz uchun malhammi yoki zahar?

- Ishdan kelsam, uydagilarni televizor qarshisida ko‘raman, - deydi tanishim. – Xotinim-ku azaldan seriallar ishqibozi, endi qizlarim ham unga qo‘shilgan. Yaqinda qiziqqandek bo‘lib, ko‘rayotgan serialining mazmunini so‘radim. Nima emish, bir boyvachcha beva erkak uylanayotgan qiz o‘sha boyning kuyovi bilan sevishar ekan. Qon bosimim oshib ketdi. Bu o‘zimizning serial, tushunyapsizmi?

Suhbatdoshimning bu qadar kuyunishi bejiz emas. Ochig‘ini aytish kerak, keyingi vaqtda oynai jahon orqali berilayotgan ayrim milliy kino va seriallarimiz shu qadar “zamonaviy”lashib ketdiki, bu masalada asabni buzmasdan gapirish qiyin bo‘lib qoldi. Qiziq tomoni, yaqingacha o‘zimiz xorijiy seriallarni ma’naviyasizlik, behayolik, fahshni targ‘ib qilayotganlikda ayblab kelayotgandik. Endi ularga “dars” beryapmiz shekilli. “Er”ni paypoqdek almashtiradigan juvonlar, tungi barda tong ottiradigan yigitlar, behayo kelinlar, qo‘shmachi qaynonalar.

Navbatdagi serial uchun qanday mavzu tanlanishini faraz qilishga ham qo‘rqadi odam.
To‘g‘ri, kino san’atimiz ancha vaqt e’tibordan chetda qoldi. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Gollivud yoki Bollivud darajasidagi kinofilmlarni tasvirga olishimizgacha hali ko‘p qovun pishig‘i bor. Lekin hozir gap uning texnik jihatlari, syujetining ko‘lami haqida emas, balki mazmuni, g‘oyasi, maqsadi haqida ketyapti. G‘oyasi pishiq bo‘lmagan filmga milliard dollarlik texnikayu dekoratsiyalar hayf emasmi? Agar masala faqat texnikada bo‘lganida, “Suyunchi”, “Shum bola”, “Mahallada duv-duv gap” singari milliy kino san’atimiz durdonalari dunyo yuzini ko‘rmagan bo‘lardi. Bugun bizga ana shunday o‘lmas asarlar, umummilliy mafkurani o‘zida aks ettirgan seriallar kerak. Zo‘rma-zo‘raki televideniyaga olib chiqiladigan, oila davrasida tomosha qilib bo‘lmaydigan 18+ kino va seriallardan xalqqa zarar bo‘lsa bordir, foyda yo‘q, nazarimda.

G‘oya haqida gap ketganda yana bir masalaga e’tiboringizni tortmoqchiman. Ishim bevosita gazeta bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun ko‘p xorij kinolarida kuzatdim: oddiy serialdan tortib, komediya, jangari va hatto mafiya haqidagi filmlarda ham qahramonlarni, xoh u yaxshi, xoh yomon shaxs qiyofasida bo‘lsin, ko‘pincha gazeta yoki jurnal mutolaa qilayotgan holatda tasvirga olishadi. Amerikacha hayot aks etgan filmlarda esa oilalar nonushtani gazeta mutolaa qilish bilan boshlaydi. Bu amerikaliklar uchun farovon hayot belgisi bo‘lsa, boshqalar uchun okean ortidagilarning o‘qimishli, aqlli ekanligini ko‘rsatishga harakatdir.

Bizdagi filmlarda esa gazeta, jurnallar targ‘iboti yo‘q, mutolaa ham asosan keksalar obraziga bog‘lanadi. Nega ulardagi “mafiya otalari” kitob o‘qimaydi, nega boyvachchalar kunni gazeta mutolaa qilishdan boshlamaydi? Aslida bu gap faqat mutolaaga taalluqli emas. Ayrim rejessyorlarimiz o‘zining “zamonaviy” kinolarida milliy qadriyatlarimizni ko‘rsatishga “uyalayotgan” ekan, hech bo‘lmaganda, madaniyatni, to‘g‘ri yashash tarzini targ‘ib qilsa bo‘ladi-ku. Shaxsan men kino san’atining yashirin tarbiyasini shunday tushunaman.

Afsuski, bizda buning aksi bo‘lyapti. Xususan, xususiy sektor tomonidan tasvirga olinayotgan aksar kino va seriallarda jamiyatimizdagi eng jirkanch va razil illatlar ko‘rsatiladi. Uyat so‘z ishlatilmasa, fahsh ish ko‘rsatilmasa bo‘ldi, hech kim e’tiroz bildirolmaydi, qabilida ish bo‘lyapti. Tarbiyaviy ahamiyati-chi, deysizmi? U ham bor: filmning avvalida boqibeg‘amlik, behayolik, ayshu ishrat obdon “reklama” qilinadi-da, oxirida bu yaxshi emas, oqibati yomon, degandek xulosacha beriladi. Xuddiki, bir qo‘lida aroq, boshqasida sigaret tutgan shirakayf otaning o‘g‘illariga, “Senlar bu ishni qilma, oxiri voy bo‘ladi”, deganidek gap. Bolalar otasi “maza” qilayotganini ko‘rib turibdi-ku. Televideniyeda ham shunday.

Holatga oddiy kuzatuvchi sifatida munosabat bildirdim. Ishonchim komil, soha mutaxassislari, tahlilchilarning bu borada aytadigan gaplari, e’tirozlari ko‘p. Xo‘sh, harakat qachon boshlanadi, kech bo‘lgandami? Oilani, qarindoshlik aloqalarini qadrlamaydigan yoshlar, ajrashishdan qo‘rqmaydigan xotinlar, zino qilishni gunoh emas, sharaf deb biladigan erkaklar avlodini shakllantirganimizdan keyinmi? Siz bu borada nima deysiz?

Asqar BAROTOV.