Behayo, oriyatsiz, ma’no-mazmunsiz seriallar yoxud “dilbuzar”lar xuruji

Ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zaro muloqot va bahs-munozaralarda xalqimizning ziyoli qatlami aksariyat telekanallarimizning efir vaqtini to‘ldirayotgan turk seriallari haqida yozg‘irayotganda gapni uzoqdan boshlashimga xojat yo‘q, nazarimda. Kishi ma’naviyati, yoshlarning odob-axloqining boyishi, sog‘lom fikrlashi uchun urvoqchalik ahamiyati bo‘lmagan seriallarning nomlarini ham sanamoqchi emasman.

Biroq ko‘pchilik qatori meni ham ayrim savollar qiynayapti. Jamiyatda oilaviy nizolar, ajrimlar, o‘z joniga qasd qilish holatlari, mol-mulk talashish va boshqa salbiy holatlarning oldini olish, bartaraf etish og‘ir kechayotgan ayni paytda oynai jahonda berilayotgan bu seriallar nega va kimga kerak?! Bu seriallar gap-so‘zi qochgan er-xotinni birlashtiryaptimi, ikki oilani bir-biriga do‘st qilyaptimi? Aksincha, modaga «osilish», badanining qayerinidir ochib yurish, ayrim xonimchalarga kiborlikni o‘ziga kasb qilib olish-u “iffatli” kiyinishdan saboq bermayaptimi?!

Ma’naviyat va ma’rifat, ayollar va qizlar, voyaga yetmaganlar, mahalla, yana qanaqadir ilmiy-amaliy markazlar o‘z vazifasini haminqadar bajarib turganda bunday seriallar bizga kerakmi? Ta’lim muassasalaridagi odobnoma-yu ma’naviyat soati darslari yuzaki, targ‘ibot va profilaktik tadbirlar qog‘ozbozlik uchun tashkil etilayotgan ayni paytda efirni bu taqlid to‘ldirish ortiqcha emasmi?

Axir shularsiz ham internetdan boshini ko‘tara olmay qolgan, turli bo‘lmag‘ur saytlarga «oshno tutingan» ayrim yoshlarni kitobga, ma’naviyatga, ko‘proq ilm olishga, vijdonli, sog‘lom va keng fikrli bo‘lishga qaytarish mashaqqatli kechayapti-ku. Ba’zi ota-onalar televideniyedan bolasiga ovunchoq sifatida foydalanayotgan, uning ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish tugul, buni o‘ylamay ham qo‘ygan, nazoratni allaqachon yo‘qotib ulgurgan bir paytda shu seriallar “tarbiyachi” bo‘lib qolmayaptimi?! O‘sha seriallarning boshlanishidagi “16+”iga men tushunyapman, o‘qituvchi do‘stim tushunar, ammo ko‘pchilik unga yo bee’tibor, yo oq-qorani ajratmasdan bir xil “ko‘chiradigan” o‘g‘il-qizini ekran oldidan uzoqlashtirishga fahmi yetmayapti.

Milliy mentalitetimiz, asl urf-odat va qadriyatlarimizga mutlaqo zid bo‘lgan ushbu seriallarga o‘z manfaatinigina o‘ylab bosh-qosh bo‘lgan rejissyorlarimiz, tillarini burro-burro qilib ovoz bergan taniqli aktyor va aktrisalarimiz, suxandonlar ahvoliga bir qarang. O‘q ildizimizga bolta urayotgan bunday bir holatdagi filmlarga ovoz bergandan ko‘ra tariximizning qat-qatida ko‘milib yotgan dur-u gavharlarni kinokartinalarda aks ettirish ustida bosh qotirsalar bo‘lmasmidi? Buyuk ilmu ma’rifati bilan olam afkor ommasiga saboq bergan, yo‘l ko‘rsatgan, hatto o‘zligini tanittirib qo‘ygan, madaniyat va ma’naviyatni yuqtirgan ajdodlarimizning hayoti va faoliyati qolib, ularni yanada chuqurroq unuttiradigan, o‘zligimizga allaqanday sarqit illatlarni olib kiradigan, boyitadigan serialga hammaslak bo‘lib turishibdi ular.

Mamlakat va jamiyatimizda giyohvandlik, terrorizm, diniy ekstremizm va yana bir qancha “...izm”larga qarshi qat’iy kurash olib borilmoqda-yu xalq orasidagi hamjihatlik, or-nomus, hamiyatni ich-ichidan yemiradigan, sog‘lom fikr va qarashlarni botqoqqa botiradigan bunday ochiqdan-ochiq tahdidlarga tomoshabin bo‘lib turilgani ajablanarli. Nima, serialning bir qismida sakkiz xil kiyimda, sakkiz joyini ochib, namoyon bo‘ladigan “Safiya”larning safi ortib, yon atrofimizni “bezayversinmi?” Xatti-harakatlari beo‘xshov, qiyofasi to‘ng‘iz bilan husn talashadigan “qamoqxona oyimchalari” kimlarga, qanday maqsadlardan saboq beryapti ekan?

Afsus, ming afsus, ana shular ekranlarimizni egalladi... Siz esa hurmatli yurtdoshim, qalbi kuyayotgan qadrdonim, “dilbuzar»lardan ogoh va ehtiyot bo‘ling!

Abduhoshim ZIYODOV.