Yangi farmon: Milliy sud tizimida yangi davr boshlandi

Jamiyatda insonlar o‘zaro ijtimoiy va boshqa munosabatlarga kirar ekan, nizoli masalalarga duch kelishi tabiiy. Bunday masalalarning adolatli yechimi uchun esa xolis bir shaxs, xolis bir maskanga zarurat tug‘iladi. Sud-huquq tizimi aynan ana shu vazifaga, ya’ni jamiyatda qonun ustuvorligi, adolat barqarorligi uchun mas’ul hisoblanadi.
Binobarin, har bir davlatning qudrati, avvalo, unda barcha itoat etadigan tartib-intizom o‘rnatilgani, inson huquqlari va manfaatlarini har tomonlama ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonunlarning mavjudligi va ularga izchil amal qilish kabi qator mezonlar bilan baholanadi.
Ayniqsa, jamiyat har jihatdan tez o‘zgarayotgan, rivojlanayotgan bir davrda, xususan, raqamli texnologiyalar hayotimizga izchil va shiddat bilan kirib kelayotgan sharoitda bu vazifa oldimizga yangi talablarni qo‘ymoqda.
Shuni aytish kerakki, raqamlashtirish sud sohasida ham katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Sudlov ishlarini yurgizish samaradorligi va aholining odil sudlovdan xabardorlik darajasini oshirishga yo‘naltirilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etila boshlandi. Bu yo‘nalishdagi ishlar o‘z samarasini berib, odamlarning ovoragarchiligi keskin kamaydi, sudya va sud xodimlarining ishlari osonlashib, ish sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgani ham bor gap.
Videokonferensaloqa tizimi birinchi navbatda fuqarolarimizga juda katta qulayliklar yaratib, sud majlislarini masofadan turib o‘tkazish imkonini berdi. Ya’ni, ish bo‘yicha taraflar turli manzillardan turib sud majlisida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashishlari mumkin. Bu aholining juda katta sarsongarchiligining oldini oldi, vaqti va mablag‘ini tejashga yordam berdi.
Barcha fuqarolar uchun sudlarga elektron murojaat qilish, murojaatlar holatini onlayn tarzda kuzatib borish, taraflarga ma’lumotlarni elektron shaklda yuborish esa sudlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minladi.
Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatdiki, eng maqbul siyosat, bu islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishdir. Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev demokratik islohotlarning izchil davomi sifatida sud tizimini takomillashtirish va odil sudlov masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi va sohaga oid ikkita muhim Farmonga imzo chekdi.
Ulardan biri “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmondir. Ushbu hujjatda belgilangan vazifa va qoidalar milliy sud tizimimizda mutlaqo yangi davr boshlanayotganidan darak beradi.
Sun’iy intellekt texnologiyalari nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham misli ko‘rilmagan yangilik sanaladi. Bu usuldan odil sudlovda foydalanish rivojlangan davlatlardagina yo‘lga qo‘yilgan tajriba ekanini hisobga olsak, uni mamlakatimiz uchun ulkan siyosiy iroda sifatida baholash mumkin.
Farmon bilan tanishib, uning keng qamrovli ekanligiga amin bo‘ldim. Hujjatdagi vazifalar aniq belgilangan, hatto ularni amalga oshirish mexanizmlari ham ravshan ko‘rsatib berilgan.
Davlat rahbarining yangi farmoniga ko‘ra, sudlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash hamda sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Adliya va sud organlarida ko‘p yillar rahbarlik lavozimlarida ishlaganligim tufayli sud binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, moddiy texnikasini ta’minlash masalasining qanchalik muhim, mablag‘talab va og‘ir masala ekanligini yaxshi bilaman.
Yashirib nima qilamiz, eski tizimda sud organlari kelajakda tugab ketadi, degan absurd tushuncha ham bor edi. Shuning uchun sud organlari ta’minotiga deyarli e’tibor ham, mablag‘ ham ajratilmasdi, ajratilgani ham o‘z vaqtida berilmasdi. Sudlar eski, moslashtirilgan binolarda faoliyat yuritardi. Shu sababli ham farmonda yangi sud binolarini qurish, borlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashga Prezidentimiz alohida e’tibor qaratgani meni juda to‘lqinlantirdi. Negaki, bunday e’tibor sudlar uchun ilk bor ko‘rsatilmoqda.
Sudyalar uchun xizmat uylarini xarid qilish va ta’mirlash masalasi ham farmonda o‘z aksini topganligini alohida ta’kidlash kerak. Boshqa viloyat yoki tumanga borib ishlayotgan sudyalar aholidan xonadonlarni ijaraga olib yashardi. Shu bois, ko‘pchiligi oilasini ko‘chirib olib kelolmasdi. Bu ham qancha ovoragarchilikka sabab bo‘lardi. Sudyaning har bir ovoragarchiligi esa, tabiiyki, uning ish sifatiga ta’sir qilardi.
Yana bir muhim masala, sud tizimi uchun kadrlar tayyorlashning tubdan takomillashtirilishidir. O‘z kasbini ardoqlovchi, bilimli, tajribali, fidoyi va sadoqatli kadrlar har qanday sohada ham muvaffaqiyat garovidir. Xususan, odil sudlovni ta’minlashga xuddi shunday kadrlar juda zarur.
To‘g‘ri, bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan sudyalar korpusi haqida iliq fikrlar bildirish mumkin. Lekin juda ko‘p natijalarga zo‘riqish orqali erishilyapti. Aytmoqchimanki, sohani yanada rivojlantirish, takomillashtirish orqali sud tizimi uchun har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va zarur kasbiy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yaratish bugungi kunning dolzarb vazifasidir. Prezidentimizning “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni aynan ana shu masalalar yechimiga qaratilgan.
Farmonga ko‘ra, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi negizida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi tashkil etiladi. Sud tizimi uchun yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish, ta’lim, ilm-fan va amaliyot uzviyligini ta’minlash orqali professional sudyalar korpusini shakllantirish Farmonning asosiy maqsadidir.
Sudyalar oliy maktabi negizida Akademiya tashkil etilishini katta va muhim yangilik, deb hisoblayman. Akademiya Sudyalar oliy kengashi huzurida faoliyat yurituvchi, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan iktisoslashtirilgan davlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Unga Sudyalar oliy kengashi raisining taqdimnomasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan rektor tayinlanishi o‘quv muassasasining yuksak nufuzini ta’minlaydi.
Bu yerda malakali professor-o‘qituvchilar tarkibi shakllantiriladi. O‘quv ishlari bilan birga ilmiy-tadqiqotlar olib boriladi. Xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudya va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish, rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada bo‘lgan sudyalarni qayta tayyorlash, ta’lim oluvchilarda sudyalik kasbiy madaniyatini shakllantirishga butunlay yangicha yondashuv belgilandi.
Ayniqsa, sudyalik lavozimlariga nomzodlar, sudya va sud apparati xodimlarida zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan amaliyotda foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Chunki, yuqoridagi farmonning ijrosini talab darajasida ta’minlash uchun, avvalo, sudya va sud xodimlari zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozim.
Akademiyada ta’lim jarayoni “Ustoz-shogird” an’anasi asosida yo‘lga qo‘yilishi menga juda ma’qul bo‘ldi. Ustoz-shogirdlik masalalasi har qanday zamon va makonda o‘zini to‘la oqlagan. Ustoz otangdek ulug‘, degan ibora bejiz aytilmagan, axir. Ota farzandni dunyoga keltirsa, ustoz muayyan kasb mahoratini shakllantiradi, uning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga yordam beradi. Ustoz ko‘rgan shogirdlar o‘z kasbini tezroq, osonroq va teranroq o‘rganadi, nisbatan kamroq xato qiladi. Shu o‘rinda, Akademiyaga ishga jalb etilgan sudyalarning ishlagan vaqti sudyalik stajiga qo‘shilishini oqilona yechim deb bilaman.
Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash Akademiyaning olti oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslarida sud ixtisosliklari bo‘yicha tashkil etilishi, qabul qilish psixologiya, chet tillari va sud ixtisosligi bo‘yicha test sinovlarini o‘tkazish hamda yozma imtihon va yakka tartibdagi suhbatdan iborat tanlov orqali amalga oshirilishi o‘ta jiddiy jarayon bo‘lishi bilan adolatli usul hamdir.
Akademiyada sudya va sud apparati xodimlarining majburiy malakasini oshirish tartibi joriy etiladi. Bu tartib mukammal ishlab chiqilganligi e’tiborga molik.
Shu bilan birga, faoliyat samaradorligi reytingining past ko‘rsatkichlariga ega sudyalar navbatdan tashqari malaka oshirishi, Oliy sud tomonidan belgilanadigan murakkab toifadagi ishlar bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etilishi, tuman (shahar) va viloyat sudlarining tegishli rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada bo‘lgan sudyalarning rahbar kadrlarni qayta tayyorlash kurslarida o‘qitilishini alohida qayd etish lozim.
Komil ishonch bilan ayta olamanki, bu ikki Farmon mamlakatimizda sud-huquq islohotlarining yangi davrini boshlab beradi. Prezidentimizning sohaga katta e’tibor berayotganligi bu farmonlar ijrosi uchun talab etiladigan mehnat va katta mablag‘lar ijrosida kafolat bo‘lishiga va uning natijalari tezda ko‘zga tashlanishiga ishonaman.
Tizimning og‘ir sinovli davrlarining guvohi sifatida sohaga bunday katta e’tibor uchun hamkasblar nomidan davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiraman.
Alisher MARDIYeV,
I darajali Davlat adliya maslahatchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist.