Ming dollar oylik oladigan o‘qituvchilar Qo‘shrabotda ham bor
Avval gazetamiz sahifalari va Zarnews.uz saytiga ming dollar miqdorida maosh oladigan o‘qituvchilar haqida maqola hamda videolavhalar joylashtirilganligidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Qahramonlarimiz boshqa hududlardan kelib, viloyatimizning olis qishloqlarida faoliyat yuritayotgan ustozlar bo‘lgan. Bu gal o‘zi tug‘ilib o‘sgan Qo‘shrabotdagi ta’lim muassasalaridan birida faoliyat olib borayotgan va muallim ming dollar maosh olishi mumkinligini isbotlagan Zulxumor Imomova hamda uning kasbdoshlari haqida hikoya qilamiz.
- Davlatimiz rahbari o‘qituvchilar ming dollar oylik olishi mumkinligi haqida gapirganlarida ko‘pchilik bunga ishonmagandi, - deydi u. – Agar oddiy muallim ham o‘z ustida ishlab, sidqidildan mehnat qilsa, maoshi undan-da ko‘proq bo‘lishi mumkin ekan. Buning uchun o‘qituvchi o‘zini ozgina qiynashi, shijoatli bo‘lishi, sidqidildan mehnat qilishi zarur.
Zulxumor Imomova tumanning Zarkent mahallasidagi 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 13 yildan beri ingliz tili fanidan dars berib keladi.
- Shu yillar davomida bu kasbning mashaqqatlarini sabr bilan yengib o‘tishga, shodliklarini ko‘tarinkilik bilan qarshi olishga harakat qildim, - deydi muallima. – Mana, keyingi yillarda bu o‘z samarasini bera boshladi. 5 yildan beri o‘quvchilarim fan olimpiadasida tumanda birinchilikni qo‘ldan bermay kelyapti. O‘tgan o‘quv yilida maktabni tugatib, talaba bo‘lgan bitiruvchilarning 15 nafari mening shogirdlarim. Ularning 5 nafari milliy va xalqaro sertifikatlarga ega. Ana shunday yutuqlarim sabab yaqinda “Vazir jamg‘armasi”dan beriladigan ustama uchun o‘tkazilgan tanlovga mening nomzodim qo‘yildi va suhbatdan o‘tib keldim. Bundan tashqari, oyligimga sinf rahbari va oliy toifali o‘qituvchi bo‘lganim uchun ustamalar berilyapti. Buning natijasida 13 million so‘mga yaqin maosh olyapman.
Maktab nufuzining oshishi o‘quvchilarning erishgan yutuqlari bilan bog‘liq. Bunda esa o‘qituvchilarning o‘rni alohida.
- Bir-ikki kishi bilan ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi, - deydi Zulxumor Imomova. - Bu yo‘lda jamoa birlashishi kerak. Keyingi yillarda maktabimizda ana shunday birdamlik ko‘zga tashlana boshladi. Hamkasblarim bilan bir yoqadan bosh chiqarib, bolalarga do‘stona munosabatda bo‘lib, ta’lim-tarbiya berib kelishimiz yaxshi natija beryapti. O‘quvchilarning ko‘ngliga yo‘l topishimiz ularning qaysi kasb egasi bo‘lishni istayotganini vaqtida aniqlashga va qiziqqan fanlari bo‘yicha qo‘shimcha to‘garaklarga jalb qilishga erishyapmiz. Masalan, men ingliz tilini chuqur o‘rgatganim bilan o‘quvchi ona tili va adabiyot, tarix yoki matematika fanlarini o‘zlashtirmasa, maqsadiga erisholmasligi mumkin. Shuning uchun ham boshqa o‘qituvchilar bilan hamkorlikda ishlaymiz.
- Shu maktabda 4 yildan beri faoliyat yuritib kelyapman, - deydi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Navbahor Qodirova. – O‘qituvchilikning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Ammo shogirdlar katta-kichik yutuqlarga erishsa, qiyinchiliklar, charchoqlar unutilar ekan. O‘tgan o‘quv yilida maktabimizni tamomlagan bitiruvchilarimizning 67 foizi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilinishida, 5 nafar o‘quvchining milliy sertifikatga ega bo‘lishida hamkasblarim qatori mening ham hissam borligidan xursandman.
670 o‘ringa mo‘ljallangan ta’lim muassasasida 1311 o‘quvchiga 91 nafar pedagog ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.
– Ularning 20 nafari oliy toifali o‘qituvchilardir, - deydi maktab direktori O‘ktam Bo‘riyev. - Zulxumor Imomova, Navbahor Qodirova kabi fidoyi ustozlarimiz talaygina. Ularning sa’y-harakatlari bilan bitiruvchilarimizning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi yildan yilga ortib boryapti.
Darhaqiqat, 2020-2021 o‘quv yilida maktabni tamomlagan 20 nafar yoshning bor-yo‘g‘i 4 nafari talaba bo‘lgan. 2021-2022 o‘quv-yilida 56 nafar bitiruvchining 17 nafari, 2022-2023 o‘quv yilida esa 34 nafar yigit-qizning 23 nafari oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilindi. Maktab jamoasi, jonkuyar ustozlar kelgusida bundan-da yuqori natijalarga erishish yo‘lida mehnat qilmoqda.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat).