Minhojiddin Mirzo: "Bir shaxsning fikri zamiridagi imperiyaparastlik talvasasi"

Ayrim siyosatchilarning Rossiya telekanallarida so‘nggi vaqtlarda yangrayotgan imperiyachilik kayfiyatidagi chiqishlariga Markaziy osiyolik, jumladan, O‘zbekiston ziyolilari keskin munosabatini bildirib kelmoqda. Xususan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida quyidagicha fikr bildiradi:

“Kishan kiyma, bo‘yin egma,

ki sen ham hur tug‘ilg‘onsen!

Abdulhamid Cho‘lpon

Imperiyaparastlik talvasasi yana turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘la boshladi. “Yo‘qsullar dohiysi” Lenin vafotining 100 yilligi munosabati bilan Rossiyaning NTV kanalida uyushtirilgan “tok-shou”da rossiyalik “tarixchi” Mixail Smolin 1917 yilga qadar o‘zbeklar, qozoqlar va ozarbayjonlar millat sifatida mavjud bo‘lmagan, inqilobdan keyingina ular SSSR nomi bilan paydo bo‘lgan, degan nihoyatda axmoqona safsatani o‘rtaga tashladi. Bu bir shaxsning fikrimi yoki rus shovinizmining asl basharasimi?

Garchi madaniyatsizlarcha va kaltabinlarcha bo‘lsa-da, shovinizmining asosiy basharasini ko‘rsatuvchi ushbu "siyosiy qarash" istibdod kishanlarini parchalab, necha ming yillik o‘z milliy davlatchiligini qaytadan tiklagan elu yurtlarni mana shunday olchoq g‘oyalari bilan ruhan cho‘ktirishga urinishdir. Aks holda ularga bunday media imkoniyat yaratib berilmagan bo‘lardi.

Ikki daryo – Amu bilan Sir o‘rtasi – buyuk Movarounnahrda mavjud bo‘lgan kuchli davlatchilik, taraqqiyot nafaqat Markaziy Osiyoga, balki butun dunyo tamadduniga o‘zining progressiv ta’sirini o‘tkazganini bu “tarixchi” bilmaydimi? O‘zbek milliy davlatchiligini uch yarim ming yillik tarixga egaligidan bexabarmi? Qadimgi Turk hoqonliklaridan boshlab Amir Temur va Temuriylar davrigacha bo‘lgan ulug‘ zamonlardan bexabarmi? Aytganimizdek, "o‘zbek kecha paydo bo‘lgan", deb tomoq yirtayotgan "tarixchi" haqqoniy tarixni juda yaxshi biladi. Lekin uning shovinizm bilan “emlangan tafakkuri” azaldan buyuk davlat, buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalqning kimligini tan olgisi kelmaydi.

Turon, Turkiston eli azaldan bag‘rikeng, jo‘mardlikni o‘ziga kasb qilib olgan, hamisha eng yuksak maqsadlarni ko‘zlagan oqko‘ngil xalq bo‘lgan. Al Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Farobiy, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mahtumquli, Abay, To‘xtag‘ul kabi ulug‘ zotlar o‘z ijodi, falsafiy, ilmiy-ruhoniy asarlari bilan nafaqat ikki daryo oralig‘idagi xalqlarni, balki butun bashariyat farzandlarini doimo mehr-oqibatli, do‘st-birodar bo‘lib yashashga da’vat etib kelgan.

Bobolarimiz necha asrlar mobaynida mintaqada ahil, bahamjihat bo‘lib, buyuk qadriyatlar asosida yashab kelgan bo‘lsa, bugun ham, ta’bir joiz bo‘lsa, tarix va hayot gardishi, tabiatning o‘zi bizni – butun Markaziy Osiyo xalqlarini aynan ana shunday do‘stlik va hamkorlik ruhida hayot kechirishga da’vat etmoqda. Bu – tarixiy voqelik! Ming afsuski, mana shunday tarixiy haqiqatni anglamaydigan yoki anglashni istamaydigan Mixail Smolinga o‘xshaganlar bunday qarashlari bilan bir butun xalqlarni haqorat qilmoqda. Bu kechirilmaydigan va shunchaki “alahsirash” deb qarab bo‘lmaydigan holdir!

Bugun shovinistik propaganda yuzidagi niqobni yirtib, o‘zining haqiqiy basharasini namoyish qilar ekan, ularning xatti-harakatida fashizmning "qo‘lansa hidi" anqiydi... Afsuski, shovinistlarning jinoiy harakatlari o‘zlarining jamoatchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani o‘ta ayanchlidir. Aslida, Mixail Smolin va unga o‘xshash "siyosatdon"larning og‘zida aylanayotgan "til" qora niyat egasining tilidir.

"SSSR" deb nomlangan, allaqachon tarix axlatxonasiga itqitilgan imperiyani tiriltirish – amalga oshirib bo‘lmaydigan xom-xayoldan boshqa narsa emas. Tarixdan yaxshi bilamiz: faqat olchoqlik va zo‘ravonlik bilan kun ko‘rgan bu "imperiya" zuluk singari boshqa xalqlarning mehnati orqali "yashab" kelgan. Bugun prilepinlar, smolinlar yana o‘sha "sovet"ning istibdod asosiga qurilgan tuzumini qo‘msab ayyuhannos solishmoqda.

Jamiyatimizni bunday xurujlardan, zaharli g‘oyalardan saqlash uchun mamlakatimizdagi xorijiy davlatlar propagandasiga xizmat qilayotgan barcha radio-telvedeniye kanallari hamda internetdagi saytlarini zudlik bilan cheklash maslasini ko‘rib chiqishni vaziyatning o‘zi taqozo etayotir”.