Minsk va Kishinev Konvensiyalari bo‘yicha hujjatlarni olish osonlashadi

Joriy yilning 17 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “1993 yil 22 yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi Konvensiya va 2002 yil 7 oktyabrdagi Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi Konvensiya qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga asosan, Minsk va Kishinev Konvensiyalariga a’zo davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikni amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlari ro‘yxatlari tasdiqlandi.

Ushbu ro‘yxatga ko‘ra, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish haqida hujjatlarni yuborish bo‘yicha so‘rovlarni jo‘natish va ko‘rib chiqish hamda yuridik shaxslar va boshqa tadbirkorlik sub’yektlarining ro‘yxatdan o‘tganligi bilan bog‘liq ma’lumotlarni talab qilib olish bo‘yicha so‘rovlarni jo‘natish va ko‘rib chiqishga Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi vakolatli organ sifatida belgilandi.

Agentlik direktorining tegishli buyrug‘iga asosan mazkur Konvensiyalar doirasida huquqiy yordam ko‘rsatish uchun Agentlikning hududiy boshqarmalari mas’ul etib belgilandi.

Mazkur qaror Minsk va Kishinev Konvensiyasiga a’zo davlatlarning vakolatli hududiy organlari bilan huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hujjat almashish uchun asos bo‘ladi.

Bu esa ushbu Konvensiyalar doirasida huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha so‘rovlarning manzilli ko‘rib chiqilishiga, bu borada ortiqcha bo‘g‘inlarni olib tashlash orqali so‘rovlarni ko‘rib chiqishda vaqt tejalishiga, shuningdek, pochta xarajatlari va boshqa resurslarning maqbullashtirilishiga xizmat qiladi.

Pirovard natijada, Konvensiyalarga a’zo davlatlarning fuqarolariga tez va sifatli huquqiy xizmat ko‘rsatish ta’minlanadi.

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.