Davlat xizmatlari agentligi “Joe Biden” nomi bilan ro‘yxatga olingan korxona yuzasidan munosabat bildirdi
Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida tadbirkorlik sub’yektlarining firma nomlarida mashhur shaxslarning nomlaridan foydalanilayotganligi haqidagi xabarlar tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi vakolatli organ sifatida mazkur masalaga oydinlik kiritdi.
Birinchidan, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 33-moddasiga asosan, yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik faoliyati sub’yekti firma nomiga bo‘lgan huquqqa ega, bu nomni uning o‘zi mustaqil ravishda belgilaydi va o‘z ta’sis hujjatlarida ko‘rsatadi.
Ikkinchidan, 2017 yil 1 apreldan boshlab tadbirkorlik sub’yektlari Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali (o‘zi kelgan holda yoki onlayn usulda) davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Uchinchidan, “Firma nomlari to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga asosan firma nomida:
✅ davlatning rasmiy nomi, xalqaro, hukumatlararo yoki nodavlat notijorat tashkilotining qisqartirilgan yoki to‘liq nomi;
✅tarixiy yoki O‘zbekiston Respublikasida mashhur bo‘lgan shaxsning to‘liq yoki qisqartirilgan ismi, belgilangan tartibda beriladigan ruxsatsiz;
✅firma nomining egasi, uning faoliyat turi yoki u kelib chiqqan mamlakat xususidagi soxta yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar;
✅jamiyat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq prinsiplariga zid bo‘lgan belgilar ko‘rsatilmasligi kerak.
To‘rtinchidan, Davlat xizmatlari agentligi tomonidan Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimida “Firma nomlari to‘g‘risida”gi qonunga asosan firma nomlarida ishlatilishi mumkin bo‘lmagan so‘zlardan foydalanish bo‘yicha cheklovlar qo‘yildi. Ushbu ro‘yxat mutaxassislar tomonidan muntazam ravishda yangilanib boriladi.
Keyingi kunlarda muhokamaga sabab bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarining firma nomlari, tadbirkorlar bilan olib borilgan tushuntirishlardan so‘ng, belgilangan tartibda o‘zgartirildi.
O‘z navbatida, Davlat xizmatlari agentligi tadbirkorlardan firmalariga nom tanlashda, uni o‘zgartirishda yuqoridagi qonun talablariga qat’iy rioya etishlarini so‘rab qolgan.