Endi tashkilot rahbarlari o‘zlarida mavjud vakant lavozimlarni yashira olmaydi

Prezidentimiz tomonidan 2022 yil 11 mayda "Davlat boshqaruvi sohasidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qaror imzolandi.

Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan qarorga asosan “Ye-Antikorrupsiya”, “E-Anticor.uz” platformalarini ishga tushirish, davlat idoralari faoliyatida inson omilini qisqartirish, tegishli tartib-taomillar va funksiyalarni raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish belgilangan.

Kadrlar bilan ishlash yo‘nalishidagi byurokratik to‘siqlarni, korrupsiyaviy xavf-xatarlar va inson omilini qisqartirish maqsadida 2023 yil 1 yanvarga qadar avtomatlashtirilgan tizim joriy etiladi. Unda vakant lavozimlarni e’lon qilishdan tortib, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlar to‘liq elektron tarzda amalga oshiriladi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining asosiy vazifalaridan biri vakant lavozimlarga ochiq mustaqil tanlovlar o‘tkazish bo‘lib, ushbu tizim bugungi kunda to‘liq avtomatlashtirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida o‘tkaziladigan sinov tadbirlarini internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etib kelinmoqda.

Davlat fuqarolik xizmatiga kirishda inson omilini kamaytirish, barcha fuqarolarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida agentlik tomonidan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz ishlab chiqildi. Ushbu portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarni egallash uchun ochiq mustaqil tanlovlarni tashkil etish bo‘yicha yagona elektron tizim bo‘lib, internet tarmog‘ida “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat ko‘rsatadi.

Portaldagi davlat organlarining vakant lavozimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalangan holda saytga joylashtiriladi va nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish faqat elektron tarzda amalga oshiriladi.

Agentlik filiali tomonidan tashkilotlarda o‘tkazilayotgan ochiq tanlovlar jarayonlari muntazam monitoring qilib boriladi, monitoring natijasida aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tashkilot rahbarlariga tegishli ravishda taqdimnomalar kiritilmoqda. Ochiq mustaqil tanlovlarsiz ishga qabul qilingan xodimlarning buyruqlarini bekor qilish, kadrlar xizmati rahbarlarini agentlik filiali bilan kelishmasdan turib ishga qabul qilish holatlari bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Endilikda vacancy.argos.uz platformasi YaMMT bilan to‘liq integratsiya qilinganligi sababli tashkilotda mavjud vakant shtat birligi avtomatik ravishda ochiq mustaqil tanlov tizimida e’lon qilinadi. Ya’ni, tashkilot rahbarlari o‘zlarida mavjud vakant lavozimlarni yashirish imkoniyatiga ega emas. Bu ham tizimda inson omilini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan asosiy yangiliklardan biridir. Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarida mavjud vakant lavozimni ushbu platforma imkoniyatlari yordamida avvalgidek oylar davomida emas, balki belgilangan 20 kunlik muddat davomida munosib kadr bilan to‘ldirish imkoniyati bor. Bunda o‘sha tashkilotda oylab bir lavozim vakant bo‘lib turish holati bartaraf etilmoqda.

Bugungi kunda agentlik tomonidan 18 moduldan iborat davlat fuqarolik xizmatining Yagona axborot tahliliy tizimi ishlab chiqilgan. Ushbu tizimlar takomillashtirilmoqda. Davlat xizmatchilarining bilim va malakasini oshirib borish maqsadida xodimlarni masofaviy o‘qitish bo‘yicha ilm.argos.uz platformasi, ish faoliyati samaradorligini avtomatik baholash imkonini beradigan kpi.argos.uz platformasi, xizmatchilar salohiyatini avtomatik aniqlash imkoniga ega test.argos.uz, davlat fuqarolik xizmatchilarining yagona ma’lumotlar bazasi kadrlar.argos.uz platformalari ishga tushirilgan. Kelgusida davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar siyosatini baholab borish bo‘yicha reyting.argos.uz platformasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Qarorga asosan davlat tashkilotlari va idoralarining kadrlar bo‘yicha mas’ul tuzilmalarini baholash tizimini joriy etish belgilangan bo‘lib, bugungi kunda ularni har 6 oyda 10 tadan ziyod ko‘rsatkichlar asosida baholash tizimi ishlab chiqilgan va yaqin kunlarda bu tizim amaliyotga joriy etiladi. Ushbu ko‘rsatkichlar qatoriga tashkilotdagi vakant lavozimlarning soni, kadrlar qo‘nimsizligi, inson resurslarini rivojlantirish darajasi, TOP-500 talikka kirgan OTMlar bitiruvchilarining ishga qabul qilinganligi, gender tengligi, tashkilotdagi yosh mutaxassislar soni va boshqa ko‘rsatkichlar asosida baholash ko‘zda tutilgan.

Xurshid Nazarov,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali rahbari.