Afg‘onistonlik investorlar Samarqandda tadbirkorlikni boshladi
Afg‘onistonlik aka-uka Ayuuobi Abdul Haj va Ayuuobi Ahmad Bilal tadbirkorlik bilan shug‘ullanish maqsadida Samarqand shahar davlat xizmatlari markaziga murojaat qilib, “AYOUBI" mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonasini ro‘yxatdan o‘tkazdi.
800 million so‘m ustav fondi bilan tashkil etilgan xorijiy korxona Samarqanddan Afg‘onistonga oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish bilan shug‘ullanadi.
Mehmonlar markazda fuqarolar, shu jumladan, tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
- O‘zbekistonda xorijiy investorlarga keng imkoniyatlar yaratilgan, - deydi Ayuuobi Abdul Haj. – Shuning uchun biz biznesimizni yurtingizda, xususan, Samarqandda tashkil etishga qaror qildik. Davlat xizmatlari markazida korxonamizni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ko‘p vaqt sarflamadik. Bu fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida erishilgan yutuqlarning samarasi, deb o‘ylaymiz.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning o‘tgan 3 oyi davomida viloyatimizda davlat xizmatlari markazlari orqali jami 17 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi yuridik shaxslar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Ularning 8 tasi qo‘shma korxona bo‘lsa, 9 tasi xorijiy korxona hisoblanadi.
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.