O‘n yillik muammoga yechim topildi

Xalq bilan muloqot qilish va aholi muammolarini o‘rganishda mahallabay ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilib, mazkur mexanizmning muhim jihati, aniqlanayotgan masalalarning qisqa fursatlarda hal etilayotganidir. Bunda odamlarni qiziqtirayotgan, qiynayotgan muammolarga quloq tutilayotgani, har bir insonning dardi tinglanayotgani masalaning asl mohiyatiga kirib borish, uni joyida hal etish imkonini bermoqda.

Darhaqiqat, ushbu jarayonda adliya, Davlat xizmatlari markazi, FHDYo va notarial idora mas’ullarining ishtiroki muhim o‘rin tutadi. Chunki joylarda huquqiy yechimini kutayotgan masalalar talaygina. Fuqarolarga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish hamda muammolarini hal etish yuzasidan Samarqand viloyatining barcha tuman, shaharlarida tashkil etilgan navbatdagi sayyor qabullarda ana shunday muammolar xonadonma-xonadon yurib o‘rganildi.

Jumladan, 4648 nafar aholi istiqomat qiladigan Samarqand shahrining chekka hududida joylashgan Do‘stlik mahallasida yashovchi Dilshod Sattorov oila qurganiga bir necha yil bo‘lgan bo‘lsa-da, qonuniy nikohdan o‘tmaganligi aniqlandi. Unga Samarqand shahar 2-FHDYo bo‘limi mudirasi Shohida Nurullayeva tomonidan huquqiy tushuntirishlar berilib, oilaning qonuniy nikohi rasmiylashtirildi.

Ushbu mahallada yashovchi Saodat Nabiyeva esa onasidan meros qolgan uy-joyni o‘z nomiga rasmiylashtirish masalasida qariyb 10 yildan buyon sarson-sargardon bo‘lib, eshigini qoqib bormagan tashkiloti qolmagan. Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazi xodimi va notarial idora vakillari tomonidan fuqaroga mazkur masalani qonuniy hal qilish choralari tushuntirildi. “Mahallabay” tizimi asosida tashkil etilgan ushbu sayyor qabul jarayonida 10 yilda hal bo‘lmagan masala bir necha kun ichida o‘z yechimini topadigan bo‘ldi.

2008 nafar aholi yashab kelayotgan Xaymari poyon mahallasi fuqarosi bo‘lgan Gulilola Nartojiyeva ham o‘z yashash hududidan chiqmagan holda STIR raqami, shuningdek, pensiya daftarchasi olishga musharraf bo‘ldi.

Toyloq tumani Elipok qishlog‘ida tashkil etilgan ana shunday tadbirlar davomida hududda yashovchi fuqarolarga bepul huquqiy maslahatlar berilib, sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Uchrashuvda 15 nafardan ortiq fuqarolarning murojaatlari qabul qilindi.

Kattaqo‘rg‘on shahar Oq oltin mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan sayyor qabullarda 50 nafar fuqarolar asosan uy-joy, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, egalik huquqini belgilash, subsidiya asosida uy-joy sotib olish, aliment, tug‘ilganlikni qayd qilish, qonuniy nikohdan o‘tish, ijtimoiy nafaqalar tayinlash, bolalarini davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish kabi masalalar yuzasidan murojaat qildi. Kelib tushgan murojaatlar shu yerda o‘rganilib, ularning aksar qismi hal qilindi. Qolgan murojaatlar tegishliligi bo‘yicha hamkor tashkilotlarga yuborildi.

Prezidentimizning joriy yil 23 martdagi “Aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan 17 turdagi hujjat va ma’lumotlarni so‘rash bekor qilindi. Tadbirlar davomida aholi muammolarini o‘rganish asnosida ushbu farmonning mazmun-mohiyati ham   aholiga yetkazildi.

DXA Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.