Samarqandda 6761 ta holatda davlat xizmatlari ko‘rsatish muddatlari buzilgani aniqlandi

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining joylardagi davlat xizmatlari markazlari "Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak" degan g‘oya asosida xalqimizga xizmat ko‘rsatmoqda. Dastlab tashkil etilgan vaqtda jismoniy va yuridik shaxslarga 30 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatgan markazlarda bugunga kelib xizmatlar soni 150 ga yaqinlashdi. Ortiqcha qog‘ozbozlik, vaqt va mablag‘ yo‘qotilishiga chek qo‘yildi.

  – Bugungi kunda viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida davlat xizmatlari markazlari uchun zamonaviy va innovatsion binolar qurilib, foydalanishga topshirildi, – deydi Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i M.Qurbonov. – Shuningdek, Prezidentining 2020 yilning 31 yanvarda qabul qilingan “Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tuman, shahar markazlaridan olis hududlarda davlat xizmatlari markazlarining shoxobcha (filial)lari tashkil etildi. Shu paytgacha viloyatimizning 6 hududi, ya’ni Qo‘shrabot tumanining Jonbuloq, Nurobod tumanining Sahoba, Past Darg‘omning Olti qahramon, Samarqand tumanidagi Qaynama, Kattaqo‘rg‘on shahrining Ingichka hamda Urgut tumanidagi Jartepa massivlarida shunday filiallar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yil davomida markazlarimiz va ularning filiallari orqali 662 mingga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Xususan, 24 747 tadbirkorlik sub’yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Bugungi kunda davlat xizmatlari markazlari xodimlari fuqarolarga faqat o‘z ish joylarida emas, olis va chekka hududlarda ham bo‘lib, sayyor (mobil) xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Birgina 2020 yil davomida xodimlarimiz hududlarda 9900 dan ortiq davlat xizmati ko‘rsatdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, boshqarmaning davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijasida davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 7702 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Bundan tashqari, 2020 yilda 6 ta vakolatli organning jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyati o‘rganilib, 19 tasining faoliyati monitoring qilindi.

O‘tkazilgan tekshirishlar, monitoringlar va davlat xizmatlari markazlari orqali yuborilgan elektron maxsus xabarlarni o‘rganish natijalari bo‘yicha vakolatli organlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 7702 ta qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Xususan, 6761 ta holatda davlat xizmatlari ko‘rsatish muddatlari buzilgan, 185 ta holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmatlari ko‘rsatilgan, 67 ta holatda ortiqcha hujjat talab qilingan, 148  holatda murojaatlar asossiz rad etilgan. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha vakolatli idoralarning rahbarlari nomiga 74 ta taqdimnoma va 382 ta ogohnomalar kiritildi. Shuningdek, 425 nafar aybdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka va 74 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi.