Mirzo KENJABEK: Hech qanday zarurat bo‘lmay turib, xabarlarda qo‘llanayotgan so‘zlar

Administratsiya – bu so‘z eski lotin tilidan olingan. Holbuki, lug‘atimizda “ma’muriyat”, degan juda go‘zal so‘z bor. O‘rniga qarab, “boshqaruv” deb qo‘llasa ham bo‘ladi. Bu ikki so‘z ko‘zlangan ma’noni, ya’ni “muassasa, korxona, tashkilot rahbarlari majmui”ni to‘liq ifodalaydi.
Departament – bu so‘z fransuz tilidan olingan. Buning o‘rniga “boshqarma”, “idora”, “birlashma” degan so‘zlarni bemalol qo‘llash mumkin.
Inovatsiya – ingliz tilidan kirib kelgan, asosan, “ixtiro”, “kashf”, “yangilik” so‘zlari bilan ifodalash mumkin.
Inovatsion – bu so‘zni “ixtiroli”, “ixtiroga oid” degan so‘zlar bilan ifodalash mumkin. Masalan, “ixtiroli g‘oyalar”, “ixtiroga oid maqsadlar”, “ixtiroli texnologiyalar”. Umuman olganda, bu atamaning aniq va chiroyli muqobilini topish mumkin.
Internet – ingliz tilidan kirib kelgan, “xalqaro tarmoq”, “xalqaro aloqa tarmog‘i”, “xalqaro aloqa”, “umumjahon aloqa” kabi so‘zlar bilan ifodlash mumkin.
Komissiya – lotin tilidan olingan va tilimizga kirgan. Lekin hamma o‘rinlarda aynan shu so‘zni qo‘llash shart emas. Uning o‘rniga “hay’at” so‘zini qo‘llash mumkin. Masalan, “Atamalar hay’ati”.
Kommunikatsiya – lotinchadan kirib kelgan. O‘rniga qarab, “jamlamoq”, “bog‘lamoq”, “umumlashtirmoq”, “xabar almashuv (jarayoni)”, “ma’lumot almashuv (jarayoni)”, “fikr almashuv”, “aloqa” kabi so‘zlar bilan ifodalash mumkin.
Konsepsiya – lotinchadan kirib kelgan. Matndagi o‘rniga qarab: “nizom”, “maqsadlar nizomi”, “yo‘nalishlar tizimi”, “jamlanma tizim”, “yaxlit yo‘nalish”, “birlashtiruvchi tizim”, “jamlovchi yo‘nalish”, “fikr yuritish tizimi”, “maqsadlar tarkibi”, “qoidalar tizimi” kabi so‘z va iboralar bilan ifodalash mumkin. Masalan, “til siyosatini takomillashtirish nizomi”. Bu hali bir qarashda fikrga keladigan ma’nolaridir. Diqqat-e’tibor bilan ishlansa, to‘liq ifodalaydigan o‘zbekcha istilohni topish mumkin bo‘ladi.
Monitor – lotin va ingliz tilidan kelgan. O‘rniga qarab, “nazorat qiluvchi”, “kuzatuvchi”, “ogohlantiruvchi” kabi so‘zlarni, shubhasiz, qo‘llash mumkin.
Monitoring – ingliz tili orqali kelgan. “Nazorat”, “kuzatuv” kabi so‘zlar bilan ifodalash, o‘rniga qarab, “ogohlik hay’ati” deb ishlatish mumkin. Masalan, “kuzatuvni amalga oshirish”, “nazoratni belgilash”, “ogohlik hay’atini qo‘yish” kabi.
Moratoriy – lotinchadan kelgan. Uni “to‘xtatuv”, “kamaytiruv”, “to‘xtatuvchi”, “sekinlashtiruvchi”, “kamaytiruvchi” kabi so‘zlar bilan bemalol ifodalash mumkin.
Organ – eski yunon tilidan kelgan. “Idora”, “muassasa”, “tashkilot” kabi so‘zlar bilan ifodalash mumkin. Masalan, “davlat idoralari”, “davlat tashkilotlari”, “davlat muassasalari”, “hokimiyat idoralari”.
Termin – “atama”, “istiloh”, “mafhum”, “mu’lama” kabi so‘zlar bilan almashtirish mumkin. Bu so‘zlar ilmiy kitoblarimizda hozirgi kunda faol ishlatilmoqda.
Shtat – nemis tilidan kirib kelgan. “Ish o‘rni”, “xizmat o‘rni”, “xizmat tarkibi”, “lavozim” kabi so‘zlar bilan ifodalash mumkin. Masalan, “10 ta ish o‘rni birligi”.
“Mahkama”, degan so‘z aslida hukm qilinadigan joyni, “oliy sud” (“tribunal”), degan ma’nolarni anglatadi. Barcha lug‘atlarda bu so‘z ana shu ma’noda qo‘llangan. Keyingi davrda, umuman, “boshqarma”, “idora” degan ma’nolarda qo‘llanmoqda. “Vazirlar mahkamasi” degani “Vazirlar hukmxonasi” (yoki “Vazirlar qozixonasi”), degan ma’noni bildiradi. Bu dargoh nomini hali ham yaxshi tomonga o‘zgartirishga imkon bor. Masalan, “Vazirlar Kengashi” – qanday chiroyli nom.