Mirzojon, qachon ko‘chib kelasiz?..

Ko‘plab ijodkorlar qatori men ham Toshkentda uysizlik-joysizlik sinovlarini, ijarama-ijara ko‘chib yurish rohatlarini boshimdan kechirganman. Bir daf’a Qo‘yliq mavzeida ikki qavatli g‘ishtin binoning ikkinchi qavatida, uch xonali bir uyda ijarada turganmiz.

Bu ijara uy Rauf Parfi, Shukur Qurbon, Odil Hotamov, Nazar Shukur, Eshqobil Shukur, Abdumajid Azim kabi ko‘plab uy-joysiz shoirlarning muloqot maskani edi.

Ba’zan qo‘ni-qo‘shnilarimiz uy-joy haqida so‘rab qolishsa: “Menga Pushkin maydonidan uy berishyapti!” – der edim. Vo ajab, taqdirni ko‘ringki, 1983 yilda bizga Darxondan, Pushkin maydoniga tutash Pushkin-Salor ko‘chasidan uy nasib etdi! (Hozirgi Mirzakalon Ismoiliy ko‘chasi bu.)

Bu vaqtda oilam bilan takroran Taqachi mahallasida, Chevar ko‘chasi, 1-guzargohida, 25-uyda ijarada turar edim.

Uysizlik-joysizlik zada qilib yuborganidanmi, dekabr oyidayoq hali gaz va istiqichlar ishga tushmay turib, 5-qavatdagi 70-uyga ko‘chib o‘tdim.

Bir muddatdan keyin taniqli yozuvchi, diyonatli shaxs  Eminjon Usmon bizga qo‘shni bo‘lib oilasi bilan qarshimizdagi 69-uyga ko‘chib keldilar. Bu kishi o‘sha mahalda “Mehrigiyo” asari bilan O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidovning nazariga tushgan, adabiy muhitda e’tibor topgan adib edilar.

Qo‘shnichilik bo‘lib, har zamonda eshigimizni taqillatib, yo‘lakka kirar, ichkariga nazar tashlab:

– Mirzojon, qachon ko‘chib kelasiz? – der edilar. Bu hol bir-ikki marta takrorlandi. Men hayron bo‘lar edim.

Axir, yangi uyga eng birinchilardan bo‘lib ko‘chib kelgan bo‘lsam, anchadan beri qo‘shni bo‘lib yashayotgan bo‘lsak, yana qanday “ko‘chib kelishim” kerak?

Gap shundaki, o‘sha vaqtda oilada uch kishimiz: o‘zim, ayolim, Bobur o‘g‘lim; bisotimiz bitta 19 so‘mlik sholcha, zaruriy to‘shak va zaruriy ko‘rpadan iborat. Bular yotoq bo‘lmasiga joylangan.

Kattakon zalda esa devorga yopishtirilib, devor bo‘yi baland qilib kitob taxlab chiqilgan. Kitobdan boshqa narsa yo‘q. Uy yalang, derazalar pardasiz, pol yalang‘och.

Harbiy gazetada xizmat qiladigan Azimjon degan jurnalist ukamiz pishiq g‘ishtga sim o‘rnatib, elektr qizdirg‘ich yasab bergan. Isitkich ham shu, pishirgich ham shu. Bu yigit Xorazm xoni, ma’rifatli shaxs, mumtoz shoir Muhammadrahimxon Firuz avlodidan bo‘lgan.

Eminjon aka yana bir kun eshikni taqillatib, yo‘lakka kirdilar-da:

– Mirzojon, qachon ko‘chib kelasiz? Endi ko‘chib kelavermaysizmi?! – dedilar. Men taajjub bilan:

– Eminjon aka, ko‘chib kelish degani nima degani? – dedim.

– Axir, ko‘rpa-to‘shak, gilam-palos, javonu servant, xolodilnik, radio-televizorlaringizni olib kelmaysizmi?! – dedilar. Men kulgudan o‘zimni tiyolmay:

– Eminjon aka, mening bor bisotim mana shu! – deb, yotoq bo‘lmasi va kitoblarimga ishorat qildim.

Ulug‘ adibimiz nihoyatda xijolat bo‘ldilar. U kishining o‘sha paytdagi xijolatli holati haligacha qalbimga iztirob beradi.

O‘sha kundan keyin qaysi bir gazeta-jurnal, radio-televideniye yoki nashr idorasiga borsam, mendan faol ishtirokimni so‘rashar, dolzarb mavzularda ijodiy buyurtmalar qilishar, har oyda menga ko‘p-ko‘p qalam haqi yozishar edi.

Sababi shuki, diyonatli, ibodatli, vijdonli va zakovatli, jonkuyar adibimiz Eminjon Usmon har bir idorada mening ahvolimni gapirgan, “Sizlar Mirzo Kenjabekka yordam bermaysizlar!” deb ularni koyigan, ijodkor xodimlarga tanbih berib chiqqan edi.

Lekin men... qalam yengil va saviyasi noloyiq yozuvlarga o‘rganib qolmasin, pulning orqasidan quvish odat bo‘lmasin, deb buyurtmalar bajarishni sekin to‘xtatdim.

Haq taoloning lutfu karami va ehsonlari bilan asta-sekin hamma narsa bor bo‘ldi. Barcha ehtiyojlar ravo topdi. Rabbimiz menga yaxshi umr berdi, kutganimdan ziyoda ne’matlarni ato etdi.

Lekin... Atoqli adibimiz Xayriddin Sultonning “Yo‘qchilik va to‘qchilik”  degan mumtoz hikoyasi bor. U benazir hikoyani ko‘p eslayman. Har zamonda hayotimning o‘sha yo‘qchilik davridagi fayz va hikmat to‘qchilik davridagidan ko‘proq bo‘lganmikin, deb o‘ylab qolaman...

Mirzo KENJABEK.