Misinformatsiya nima? Dezinformatsiya-chi? Malinformatsiya ushbu ikki atamadan qanday farq qiladi?
Viloyat matbuot uyida viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan «E’lon qilinayotgan axborotga munosabat bildirish, bayonot va raddiya berish. Qonunchilik» mavzusidagi o‘quv-seminarda shu kabi savollarga javob izlandi.
Seminarda viloyatdagi tuman, shahar hokimliklari va korxona-tashkilotlarning axborot xizmati rahbarlari ishtirok etdi.
Dastlab Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh mutaxassisi Farhod Tolipov tadbirda Zoom orqali qatnashib, “Inqiroz sharoitida korporativ imijni saqlash (himoyalash)ning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida fikr almashdi.
- Avvalo, “Korporativ imij asli nima?”, Tashkilot uchun uning ahamiyati qay darajada? Uni nima bilan iste’mol qilish kerak?” kabi savollarga javob topsak, - dedi F.Tolipov. - Ma’lum bir tashkilotning jamiyatdagi insonlar ongida shakllangan tasavvur, ega bo‘lgan ma’lumotlari va albatta aydentikasi tashkilot tomonidan yasalgan imijdir. Imij ko‘p qirrali tushuncha. Bir tomondan, u insonning hayotiy faoliyatiga borib bog‘lansa, ikkinchi tomondan, muvafaqqiyatga erishishni boshqaruvchi vosita sifatida talqin qilinadi. Ikki holatda ham markazda inson ekanligi juda ahamiyatli. Imij tushunchasi XX asrning 60-yillarida amerikalik iqtisodchi K.Bolduing tomonidan tilimizda “Iste’mol” qilina boshladi. U aynan imij orqali savdoni misli ko‘rilmagan tarzda oshirish mumkinligini amaliyotda isbotlab berdi.
Endi bevosita imijning tashkilot va OAV bilan bog‘liq jihatlari, aniqrog‘i, inqiroz yuz bergan holati haqida to‘xtalsak. Bunday holatda tashkilot rahbari yoki ushbu tashkilotning ishonchli vakili tomonidan rasmiy bayonot berilishi, barcha OAVlari imkoniyatlaridan keng foydalanish, inqirozga olib kelgan masala yuzasidan tashkilot bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish istagida bo‘lganlar uchun sharoit yaratish, ekspertlar bilan aloqa o‘rnatish va ular yordamida maqola, intervyu va materiallar e’lon qilishni yo‘lga qo‘yish lozim bo‘ladi.
Shundan keyin ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan noxolis va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotga nisbatan munosabat bildirish, bayonot va raddiya berish bilan bog‘liq holatlar axborot xizmatlari rahbarlari ishtirokida ko‘rib chiqildi. Bu borada misinformatsiya, dezinformatsiya va malinformatsiya tushunchalari o‘rtasidagi farqlarga to‘xtalib o‘tildi.
- Ochig‘i, bu uchta tushuncha bilan bog‘liq holat korxona-tashkilotlarning deyarli barcha axborot xizmatlari faoliyatida uchraydi, - dedi viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i M.Ibodullayev. – Keling, dastlab ularning ma’nosini bilib olaylik: Misinformatsiya – yolg‘on, to‘liq va aniq bo‘lmagan, soxta axborot, ammo zarar yetkazishga qaratilganmagan xabar. Dezinformatsiya - shaxsga, ijtimoiy guruh, ma’lum bir tashkilotga, mintaqaga, mamlakatga qasddan zarar yetkazuvchi yolg‘on axborot. Malinformatsiya esa aniq axborot, ijtimoiy guruhga, ma’lum bir tashkilotga, mintaqaga, mamlakatga zarar yetkazish maqsadida qo‘llaniladigan axborot hisoblanadi.
O‘quv-seminar davomida ushbu uchta tushuncha bilan bog‘liq xabarlar, ular OAV yoki ijtimoiy tarmoqlarda berilgach, bu xabarga nisbatan munosabat bildirish, agar u korxona-tashkilot faoliyatiga tegishli bo‘lsa, to‘g‘ri bayonot yoki raddiya berish bilan bog‘liq qonuniy jihatlar ko‘rib chiqildi, tahlil qilindi.
Seminar yakunida davlat attestatsiyasidan o‘tgan matbuot kotiblariga sertifikatlar topshirildi.