Mitti sayyoralar
2006 yilda Xalqaro Astronomik birlashma Quyosh tizimi tarkibi to‘g‘risida muhim qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, Plutonni mitti sayyora, deb hisoblab, uni Quyosh tizimidagi sayyoralar tarkibidan chiqardi. Hozirgi kunda beshta tan olingan mitti sayyoralar mavjud: Pluton, Serera, Yerida, Xaumea va Makemake.
Mitti sayyora nimasi bilan boshqa sayyoralardan farq qiladi?
- Xalqaro Astronomik birlashmasi (XAB)ning ta’rifiga ko‘ra, sayyora kosmik ob’yekt bo‘lib, u Quyosh atrofida aylanadi va deyarli sferik shaklga yega bo‘ladi. Uning gravitatsiya kuchi yetarlicha kuchli bo‘ladiki, o‘zining harakat orbitasida o‘z yo‘ldoshlaridan (agar shunday yo‘ldoshlari mavjud bo‘lsa) boshqa kosmik ob’yektlarning bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. XAB qarori bilan kosmik ob’yektning mitti sayyora hisoblanishi uchun bu ob’yekt quyidagi shartlarni qanoatlantirmog‘i lozim bo‘ladi:
- Quyosh atrofidagi orbitada aylanishi lozim;
- gravitatsiya kuchi ostida o‘zining gidrostatik muvozanatini saqlashi va shar shakliga bo‘lishi uchun yetarlicha massaga ega bo‘lishi kerak;
- biror sayyoraning yo‘ldoshi bo‘lmasligi shart;
- o‘z orbitasini boshqa ob’yektlardan tozalash qobiliyatiga ega bo‘lmasligi zarur.
Qachondan boshlab «Mitti sayyora» atamasi astronomiyaga kirgan?
- 2006 yilda bo‘lib o‘tgan XAB Assambleyasida «Mitti sayyora» atamasi kiritildi va yuqorida nomlari aytib o‘tilgan kosmik ob’yektlar mitti sayyoralar kategoriyasiga o‘tkazildi hamda ob’yektning mitti sayyora bo‘lish mezoni tasdiqlandi. Ana shu Assambleyada Pluton sayyoralikdan mitti sayyora safiga o‘tkazildi, ya’ni «sayyoralik unvoni pasaytirildi». Qolgan Serera, Yerida, Xaumea va Makemakelar asteroidlar safidan chiqarildi hamda ular mitti sayyoralar deb hisoblanib, «unvonlari ko‘tarildi».
Mitti sayyoralar safi kengayishi mumkinmi?
- Pluton va uning yo‘ldoshi Xaron o‘zining massalari bo‘yicha bir-biriga yaqin bo‘lganliklari uchun Xaron yo‘ldosh sifatida Pluton atrofida aylanmasdan, ikkilasi birgalikda o‘zining og‘irlik markazi atrofida aylanib turadi. Demak, Xaronda mitti sayyoralar safiga o‘tish imkoniyati bor. NASA olimlarining fikricha, Neptun orbitasiga yaqin kosmik ob’yektlardan 40 ga yaqini mitti sayyoralikka nomzodlar hisoblanar ekan.
Yaqin 4-5 yil ichida, 40 ta kosmik jismlardan 4-5 tasi mitti sayyoralar safiga o‘tib qolsa, ajab emas.
Ortiq PARDAYeV tayyorladi.