Mixail Gorbachyov oilasi nega yopiq hayot tarzini tanladi?
Mixail Sergeyevich Gorbachyov bir vaqtlar Germaniyaning birlashishiga katta hissa qo‘shgandi. Bugun uning oila a’zolari olmonlar yurtida qulay hayot tarzini kechiryapti. Xuddi o‘z uylaridagidek.
Farzandsiz o‘tgan Vladimir Leninni hisobga olmaganda, sovet rahbarlari (Iosif Stalin, Nikita Xrushyov, Leonid Brejnev, Yuriy Andropov, Konstantin Chernenko) serfarzand bo‘lishgan. Eng ko‘zga ko‘ringan shu besh nafar bosh kotibning jami 19 nafar farzandi bo‘lgan. Mamlakatda aholi sonining ko‘payishiga ajoyib namuna. To‘g‘rimi? Ammo bu an’anani so‘nggi sovet rahbari buzdi. Mixail Gorbachyovning faqat bir nafar qizi bor edi.
1953 yil 25 sentyabrda talabalar yotog‘i oshxonasida ikki yoshning nikoh to‘yi o‘tkazildi. Moskva davlat universitetining falsafa fakulteti talabasi 21 yoshli Raisa Titorenko huquqshunoslik fakulteti talabasi, ordenli kombaynchi, 22 yoshli Mixail Gorbachyovga turmushga chiqdi. Oliy ta’limdan so‘ng Gorbachyov Stavropol prokuraturasiga ishga yuborildi. Yosh kelin tabiiyki, turmush o‘rtog‘i bilan birga ketdi. 1957 yilda Gorbachyovlar oilasida qiz farzand tug‘ildi. Unga Irina deb ism qo‘yishdi.
Ira Gorbachyovaning bolaligi tengdoshlaridan farq qilmasdi: oddiy bolalar bog‘chasi, oddiy maktab. Uning hayoti tezlik bilan o‘zgarib bordi. Mixail Sergeyevich partiya yo‘nalishida xizmat pog‘onalaridan yuqorilay boshladi. Qizaloq 9 yoshga to‘lganda otasi Stavropol shahri partiya qo‘mitasining birinchi kotibi etib saylandi.
Otasining yuqori lavozimlarga ko‘tarilishi qizi tomonidan hamisha qo‘llab-quvvatlangan. Maktabni oltin medal bilan tugatgan Gorbachyova xonim Moskvada – onasi tahsil olgan falsafa fakultetida o‘qishni orzu qilardi. Ammo oilaviy maslahatlashuvdan so‘ng Stavropolda qolib, tibbiyot institutiga kirdi.
1978 yil Gorbachyovlar oilasida muhim o‘zgarish sodir bo‘ldi. Irina ota-onasining yo‘lidan borib, kursdoshi Anatoliy Virganskiyga turmushga chiqdi. Shu yilning dekabrida Mixail Gorbachyov KPSS markaziy komiteti kotibligiga tayinlandi. Oila a’zolari, jumladan kuyovi ham Moskvaga ko‘chib o‘tdi.
Yoshlar Moskvada o‘qishni davom ettirishdi. Irina 1981 yil Pirogov nomidagi 2-tibbiyot institutini bitirdi. 1980 yilda oilaning to‘ng‘ich nabirasi tug‘ildi. Ismini Kseniya qo‘yishdi.
1985 yilda Mixail Gorbachyov KPSS markaziy komiteti bosh kotibligiga saylandi. Irina o‘sha yili nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Irina onasiga qaraganda boshqacha edi. U kardiologiya markazida ishlab, oila tashvishlari bilan shug‘ullanar, o‘zini avvalo, beka sifatida ko‘rardi. 1987 yilda ikkinchi qizi – Anastasiyani dunyoga keltirdi.
Ittifoq tarqagach, Mixail Segeyevich lavozimidan ozod etildi. Bu vaqtda Irina Virganskayaning “Alkogol va kutilmagan o‘lim” monorgafiyasi nashr etilgandi.
Davr o‘zgardi. An’ana, xulq, fe’l-atvor, tabiat o‘zgardi. Ordenli kombaynchi Mixail Gorbachyov dunyodagi eng yirik davlatning birinchi rahbariga aylandi. Va yana zaxiradagi siyosatchi darajasiga tushdi.
1991 yilning dekabrida Gorbachyov o‘z jamg‘armasini tashkil etadi. Unda “Kayta qurish tarixi tadqiqotlari, Rossiya va jahon tarixining muhim muammolari” o‘rganilishi ko‘zda tutilgan.
“Gorbachyov jamg‘armasi”ning prezidentligiga Mixail Gorbachyov, vitse-prezident lavozimiga qizi Irina Mixailovna loyiq topildi.
Yangi lavozimni puxta o‘rganish uchun Ira Rossiya hukumati qoshidagi xalq xo‘jaligi akademiyasining xalqaro biznes maktabida ta’lim oldi. 1993 yildan Irinaning fe’l-atvorida o‘zgarish sodir bo‘ldi. Avvalo, turmush o‘rtog‘i bilan ajrashdi. Sabab sifatida Anatoliyning asosiy vaqtini ishga bag‘ishlashi, oilasiga vaqt ajratmasligi ko‘rsatildi.
1990 yillarning o‘rtalariga kelib jamg‘arma faoliyatini Irina Mixailovna to‘liq qo‘lga oldi. Amerika qo‘shma shtatlari va Yevropada yashashga odatlandi.
Irina 2006 yilda tadbirkor Andrey Truxachyovga turmushga chiqdi. Bu vaqtda qizlari moda dunyosiga kirib kelgandi.
Kseniya Gorbachyova “Officiel Rossiya” jurnalining bosh muharriri bo‘ldi. U bu lavozimda uzoq ishlamagan bo‘lsa-da, “Dil Welt” jurnaliga yorqin intervyu berishga erishdi. Bunda Rossiyadagi vaziyat haqida tanqidiy fikrlarini bildirdi.
“Chet elliklar Moskva qanchalik yaxshi ekanligini ta’kidlashadi. Ular poytaxtda tungi klublar, restoranlarni maqtashadi. Savdo do‘konlaridan ajoyib xaridlar qilishadi. Ularning narxi ancha qimmat bo‘lsa ham, bunaqa toza mollarni boshqa yerdan topolmaysiz-da. Ammo sayyohlar shaharliklar muammosini sezmaydi.
Tasavvur qiling, siz pasportingizni yo‘qotdingiz. Politsiyaga borasiz. Ammo sizni u yerda sariq chaqaga olishmaydi. Bu mayda muammo emas...”
Kseniya onasi kabi ikki marta turmush qurdi. Avval o‘zining kursdoshi Kiril Solodaga turmushga chiqqan bo‘lsa, so‘ng Abram Russoning konsert direktori Dmitriy Pirchenkov bilan taqdirini bog‘ladi. O‘zining ta’kidlashicha, nemislar diyorida juda erkin yashaydi. Onasi ham Myunxenga tez-tez borib turadi.
Anastasiya Rossiyada yashaydi. Xullas, Gorbachyovlar “yopiq hayot” kechirishadi. Faqat jamg‘arma tadbirlaridagina ularni ko‘rish mumkin.
Mixail Gorbachyov partiya markaziy komiteti bosh kotibi lavozimiga ko‘tarilganda xalq uning siymosida g‘amxo‘r, mard, mehnatsevar, dunyoqarashi keng, tolmas yosh rahbarni ko‘rgan. Binobarin, odamlarning umidi katta edi...
Uning faoliyati haqida ko‘p bahslashish mumkin. U katta mamlakatni barbod etibgina qolmay, tinimsiz xatolarga yo‘l qo‘ydi. Ko‘ngilchanlik qildi. Oilasini mamlakat taqdiridan ustun qo‘ydi. U o‘ylab topgan “Qayta qurish” faqat o‘zining oilasi muammolarini hal qildi.
Shokirjon ShERALIYeV,
“Jomboy tongi”ning siyosiy sharhlovchisi.