Mobil texnologiyalardan foydalanish foydalimi yoki zararli?

Hozirgi rivojlangan jamiyatda inson hayotini android ilovalar va mobil operatorlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shuningdek, ular alllaqachon kishilar hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan.

Telefondan foydalanish yoshlar uchun ko‘p qulayliklarni taqdim etadi. Ularga bilim va ko‘nikmalarini oshirish, yangiliklardan xabardor bo‘lish va ilmiy-ijodiy ishlar bilan shug‘ullanish imkonini beradi. Masalan, onlayn platformalar, elektron kitoblar, ta’limiy platformalar va turli elektron kitoblar talaba-yoshlarning ta’lim olish jarayonini yengillashtirmoqda. Mobil texnologiyalar yoshlar uchun axborot almashinuvi va ta’lim jarayonlarini optimallashtirish imkoniyatini taqdim etadi. Masalan, onlayn ta’limiy platformalar yoshlar hayotida muhim rol o‘ynamoqda. Ular ushbu onlayn platformalardan foydalangan holda o‘z bilim va ko‘nikmalarini kengaytirish bilan bir qatorda turli xil ijodiy formatlar va programmalar yaratmoqda. Shuningdek, mobil operatorlar talabalarning uyga vazifalarini bajarishlarida ham muhim o‘rin tutmoqda. Shu bilan birga, yoshlarning global axborot oqimiga integratsiyalashuvi ularning intellektual rivojlanishiga hissa qo‘shmoqda.

Mobil qurilmalar yoshlarning ijtimoiy aloqalarini ham tubdan o‘zgartirdi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqot qilish, virtual guruhlarda ishtirok etish va global miqyosdagi tarmoqlanish ularga yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Biroq, ushbu texnologiyalardan haddan tashqari foydalanish shaxsiy muloqot ko‘nikmalarining susayishiga va psixologik bog‘liqlik shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bu esa yoshlarning atrofdagilar bilan aloqa almashish jarayonlarini rivojlantiradi va qobiliyatlarini shakllantiradi. Telefondan foydalanish kishilar hayotiga talaygina qulayliklar yaratish bilan bir qatorda, ulardan haddan tashqari ziyod foydalanish ko‘plab salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Yoshlar telefondan ko‘p foydalansa, sog‘ligiga salbiy ta’sir qiladi, ayniqsa, ko‘zlari va ruhiy holatida o‘zgarishlar kuzatiladi. Shu bilan bir qatorda telefonga qaram bo‘lib qolish, ko‘p vaqtning besamar sarflanishiga, darslardan qolib, kundalik vazifalarini esdan chiqarib qo‘yishiga olib keladi.

Mobil texnologiyalardan haddan tashqari ko‘p foydalanish xotiraning pasayishi, uyquning normal holatda bo‘lmasligi va psixo-emotsional beqarorlik kabi muammolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Olimlarning ta’kidlashicha, ko‘p muddat ekran yorug‘ligiga qaragan o‘smir yoshlar va bolalarning sog‘ligida jiddiy salbiy oqibatlar kelib chiqishi mumkin. Shuningdek, texnologik bog‘liqlik ularning akademik natijalariga ham salbiy ta’sir qilishi kuzatilmoqda.

Mahbuba Mardiyeva,

Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchisi.