“Moddiy yordam puli eng zarur vaqtda yetkazildi”
Ayni kunlarda Ishtixon tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq temir daftarga kiritilgan kambag‘al oilalarning har biri a’zosiga 220 ming so‘mdan moddiy yordam pullari tarqatilmoqda.
Ishchi guruh a’zolari sektorga biriktirilgan bank xodimlari bilan Katta qang‘li mahallasida ehtiyojmand oilalar xonadoniga borib, pul mablag‘larini o‘z egalariga yetkazdi.
– Birinchi guruh nogironiman, – deydi shu mahallada yashovchi I.Sariboyev. – Farzandlarim karantin sabab ishsiz qolishgandi. Ochig‘i, bir joydan bir so‘m kelmagandan keyin ro‘zg‘orni qaytarkanmiz, deb o‘ylanib turgandik. Bugun 1 million 320 ming so‘m moddiy yordam puli berildi.
Qiyin vaziyatda biz kabi qo‘li kalta fuqarolarini qo‘llab-quvvatlayotgan davlatimiz rahbariga ming rahmat!
Tumanning 4 ta sektorida ham "temir daftar"da qayd etilgan oilalarga moddiy yordam pullari tarqatilmoqda.
Albatta, bir qarashda mazkur mablag‘lar katta ehtiyojlarni qondirishga yetmas, ammo bugun og‘ir sharoitda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini xarid qilishda asqotishi tayin.
Ishtixon tuman hokimligi
axborot xizmati.