Mohir jurnalist, shoir va tarjimon Zayniddin Bahriddinov vafot etdi

Ishtixon tuman jamoatchiligi, ijod ahli og‘ir judolikka uchradi. Shavqatsiz o‘lim mohir jurnalist, shoir, tarjimon va ajoyib inson Zayniddin Bahriddinovni oramizdan olib ketdi.

Zayniddin Bahriddinov 1941 yilda Qo‘shrabot tumanining Shavona qishlog‘ida tug‘ildi. Mehnat faoliyatini 1958 yilda Qiyqim qishlog‘idagi 91-maktabda o‘qituvchilikdan boshladi. Keyinchalik Zarband qishlog‘idagi 93 va Chimqo‘rg‘on qishlog‘idagi 14-maktablarda yoshlarga saboq berdi. 1965 yil 1 martdan e’tiboran o‘z maqolalari bilan faol qatnashib kelgan o‘sha davr gazetasi – “Kolxoz hayoti” tahririyatida adabiy xodim sifatida ish boshladi. Bir yildan so‘ng bo‘lim mudiri, oradan uch yil o‘tar-o‘tmas bosh muharrir o‘rinbosari etib tayinlandi.

Zayniddin Bahriddinov 1973 yildan to 2012 yilga qadar xalq deputatlari Ishtixon tumani Kengashi va tuman hokimligining nashri bo‘lgan “Ishtixon ovozi” gazetasi muharriri vazifasida faoliyat olib bordi. Umrining 47 yilini ana shu sevimli gazeta ishiga bag‘ishlagan mohir jurnalist 39 yil davomida tahririyatga rahbarlik qildi.

Zayniddin Bahriddinov nafaqat ustoz jurnalist, balki mohir publitsist, hassos shoir, ajoyib yozuvchi va tarjimon ham edi. U “Mezon”, “Tonggi qo‘shiq”, “Mitti gullar ifori” she’riy to‘plamlar, “Bunyodkorlar” ocherklar to‘plami, “Bobur va Ubaydullaxon”, “Qonli supra”, “Guluzor” nomli qissalar, “Uzoqni ko‘zlagan qushlar”, “Miyonqol”, “Ildizlar va yaproqlar” nomli kitoblari, ko‘plab esse va ocherklar muallifi sifatida keng kitobxonlar ommasiga tanilgan. Qator chet el mumtoz adabiyoti vakillarining asarlarini yetuk olim Mahkam Mahmudov bilan hamkorlikda o‘zbek tiliga tarjima qildi. Abu Hasan Hujviriyning “Kashfal mahjub-fi arbob-ul qulub”, Fariddidin Attorning “Bulbulnoma” (nasriy bayoni), Abu Ali ibn Sinoning “Ishq”, “Maod” risolalari, Teofrastning “Odamzod fe’llari” asarlari shular jumlasidandir.

Serqirra ijodkor qator orden va medallar, “Sharq yulduzi” jurnalining “Surxon” mukofoti sohibi edi.

Ajoyib inson, mohir jurnalist Zayniddin Bahriddinovning yorqin xotirasi tuman jamoatchiligi, shogirdlari va do‘stlari qalbida abadiy yashaydi.

Ishtixon tumani hokimligi hamda “Ishtixon ovozi” gazetasi ijodiy jamoasi.


"Zarafshon" va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyati jamoasi marhumning yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.