Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi: O‘simlik yog‘i mahsulotlariga bo‘lgan talabni qondirish uchun ichki bozorda taklif yetarli darajada 

Shu yil mart-aprel oylarida kungaboqar va paxta yog‘lari narxlari keskin oshganligi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilindi.

Holatdan kelib chiqib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan ichki bozorda o‘simlik yog‘i mahsulotlari narxlari o‘zgarishi tahlil qilib borilmoqda.

Qo‘mita axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, sanitariya qoida va me’yorlariga muvofiq respublika bo‘yicha yiliga 300 ming tonnadan ortiq o‘simlik yog‘i talab etiladi.

2020 yilda aholi iste’moli uchun 450 ming tonnadan ziyod o‘simlik yog‘i muomalaga chiqarilgan bo‘lib, shundan yarmidan ortiqrog‘i import qilingan.

Ichki bozorlarda narxlar keskin o‘sishiga birinchi navbatda tashqi jahon bozorlarida narxlar oshishi va o‘tgan hosil yilida yetishtirish hajmlari nisbatan kamroq bo‘lishi munosabati bilan asosiy yetkazib beruvchilardan bo‘lgan qo‘shni davlatlarda kungaboqar yog‘i va urug‘i eksportiga yuqori bojxona bojlari belgilanishi tartibi muddati uzaytirilishi ham ta’sir qildi.

O‘z navbatida, import asosida olib kelinadigan kungaboqar yog‘i va urug‘i narxlarining oshishi mahalliy paxta yog‘i narxlariga ham bevosita o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

Ichki bozorda o‘simlik yog‘i narxlarini barqarorlashtirish maqsadida barcha mutasaddi vazirlik va idoralar birgalikda barcha zarur choralarni ko‘rayotganligi ma’lum qilindi.