Moskvadagi hostelda yirik yong‘in yuz berdi, halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar ham borligi aytilmoqda
Moskva viloyatida joylashgan hostellardan birida 23 may kuni yong‘in sodir bo‘lgan. “Dunyo” agentligi hodisa oqibatida halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar ham borligini ma’lum qildi.
O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi konsullik bo‘limining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, yonib ketgan hostelda 20 ga yaqin xorijlik yashagan, ulardan 11 nafari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.
Hodisa oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan. Ayni paytda ularning shaxsiga aniqlik kiritilmoqda.
Qurbonlar orasida o‘zbekistonliklar ham bor. Halok bo‘lganlarning shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida jasadlar Istra shahar sud-tibbiyot ekspertizasi byurosiga yuborilgan.
Qayd etilishicha, vaziyat elchixonaning konsullik bo‘limi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi nazoratiga olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.