Moskvadan maktub: SamDU O‘zbekiston ilmu fanining brendiga aylanishi kerak

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlarim! Pandemiya sharoitida o‘zimni ehtiyot qilib, Moskvada, o‘g‘limnikida yashab turganim uchun ushbu dil so‘zlarimni Rossiya davlatidan yo‘llayapman. 

O‘zbekiston bilan bog‘liq barcha xabarlarni shu yurtdan turib kuzatib bormoqdaman. Matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand davlat universiteti yoshini belgilashda uning tarixini Ulug‘bek madrasai oliyasi faoliyati bilan bog‘lash taklifi ilgari surilganini o‘qib, juda xursand bo‘ldim. Ma’rifatli bobom Said Rizo Alizoda va uning safdoshlarining ko‘p qirrali faoliyati ham shu oliygoh tarixining bir bo‘lagi hisoblanadi. Chunki jadidlar milliy maktab-maorifni yaratish jarayonida dorilfunun olimlari bilan hamkorlik qilishgan.

S.Alizoda 1092-1937 yillarda SamDUda o‘zbek, fors va arab imlosidan saboq bergan. Sharof Rashidov, Vohid Abdullo bobomdan ta’lim olishgan.

Samarqand viloyati jamoatchiligining bu tashabbusi juda ajoyib ish bo‘libdi. Darhaqiqat, Samarqand qadimdan ma’rifat o‘chog‘i sanalgan. Axir bu tabarruk zaminda buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy ham tahsil olgan. Hozirda ham ushbu maskanning ilmiy salohiyati dunyoda tan olinyapti. Shunday ekan, Samarqand davlat universiteti O‘zbekiston ilmu fanining brendiga aylanishi zarur. 

Farhod ALIZODA.