Mo‘ynoqda osmondan temir jism tushdi

Mo‘ynoq tumanining Qipchoq daryo ovuli hududiga osmondan ichi bo‘sh holatdagi metall shar tushgan. Bu haqda "Postda.uz" nashri xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur sharning og‘irligi 6 kilogrammga yaqin bo‘lib, uning kosmik apparatga tegishli ekanligi izohlanmoqda.

Voqeaga guvoh bo‘lganlarning aytishicha, dastlab osmonda 3–4 marotaba portlash ovozi eshitilgan. Ulardan biri Sabir Karamatdinov bo‘lib, uning keltirishicha, ushbu shar undan taxminan 100 metrlar uzoqlikka tushgan. Shundan so‘ng, oradan 10 daqiqa o‘tib, u sharning yoniga borganligi va uni qo‘li bilan ushlab ko‘rganida issiq ekanligini ta’kidlagan.

Internet ma’lumotlariga ko‘ra, bu kabi sharlar ilgari Braziliya, Peru va Janubiy Afrika mamlakatlariga ham tushgan ekan.